Jahon | 14:51 / 28.02.2017
4467
2 daqiqa o‘qiladi

Kamboja bosh vaziri Trampni OAV bilan janglarida qo‘llab-quvvatladi

Kamboja bosh vaziri Xun Sen AQSh prezidenti Donald Trampga matbuot bilan muammolari tufayli achinishini bildirdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

«Donald Tramp endilikda, matbuot – bu bir guruh anarxistlar ekanini yaxshi tushunmoqda, - deya tushuntirdi Sen. — Insonning anarxistik huquqlari – bu millatni yo‘q qiluvchi huquqlardir. Umid qilamanki, bizning xorijlik do‘stlarimiz buni anglab yetishmoqda». Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, u Trampning OAVga nisbatan salbiy kayfiyatdagi munosabatini yaxshi tushunadi.

Kambojaga 30 yildan ortiq vaqt davomida rahbarlik qilayotgan bosh vaziri Xun Sen uni inson huquqlarining poymol etilishi va korrupsiyada ayblagan OAV tanqidlari bilan bir necha bor to‘qnash kelgan. Hukumat rahbarining bunga javoban ma'lum qilishicha, jurnalistlar milliy xavfsizlikka rahna solishmoqda, ularning o‘ylamay qilgan harakatlari hamda maqolalari esa yangi fuqarolik urushiga olib kelishi mumkin.

Xun Sen fuqarolik urushi davrida Qizil kxmerlarning dala qo‘mondoni bo‘lgan, biroq keyinchalik Pol Pot bilan aloqalarni uzib, Vetnamga xayrixoh bo‘lgan kuchlar safiga borib qo‘shilgan. G‘alabadan so‘ng esa hukumatda yuqori lavozimlarni egallab, 1993 yilda monarxiya tiklanganidan so‘ng ham hokimiyat tepasida qoldi. 1997 yilda Xun Sen davlat to‘ntarishini amalga oshirdi hamda bor hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid