Jahon | 14:44 / 01.03.2017
7837
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘sul uchun jang: Iroq armiyasi shahardan olib chiquvchi oxirgi yo‘lni ham egalladi

Iroq armiyasining ilg‘or bo‘linmalari Mo‘sul shahrini tashqi dunyo bilan bog‘lab turgan, IShID shahar ichidan texnika va jangarilarini olib chiqishi mumkin bo‘lgan oxirgi yo‘l ustidan nazorat o‘rnatdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatdi.

Shahardan shimoli-g‘arbiy nuqtadan olib chiquvchi Mo‘sul-Tall-Avar shossesi 9-tank diviziyasi tomonidan egallab olingan. 

«Biz «Suriya darvozsi»ni (yo‘lning nomi shunday ham yuritiladi - tahr.) to‘la nazorat qilmoqdamiz, hamma joyda bizning harbiylar», — deya agentlikka ma'lumot bergan iroqlik generallardan biri.

Iroq qo‘shinlari Mo‘sulning sharqiy qismini 17 yanvar kuni ozod etishgandi. 24 fevral kuni Iroq hukumati shaharning g‘arbiy qismini egallash uchun yurish boshladi.

Mo‘sul IShIDning Iroqdagi norasmiy poytaxti hisoblanar, shuningdek, jangarilarning Iroq hududidagi oxirgi tayanch shahri bo‘lib qolmoqda. Bu shaharni ozod etish uchun quruqlikdagi harbiy yurish o‘tgan yilning 17 oktabridan buyon olib borilmoqda. Iroq armiyasi, shia bo‘linmalari, kurd lashkarlaridan tashqari, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya samolyotlari ham bu yurishda ishtirok etmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid