Fan-texnika | 19:14 / 04.03.2017
7577
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 5G-tarmog‘i sinovdan o‘tkazila boshlandi

Xitoyning China Mobile kompaniyasi dunyoning yirik korporatsiyalari bilan birga Pekinda 5-avlod tajribaviy tarmog‘ini sinovdan o‘tkazmoqda.

Pekinda 5G-tarmog‘ini yaratish bilan Nokia, Huawei, Ericsson, ZTE, Intel va DTT kompaniyalari shug‘ullanmoqda. Bu kompaniyalar va China Mobile MWC 2017 ko‘rgazmasida mobil aloqaning yagona jahon standartini yaratish va 5-avloddagi tarmoqlar uchun uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari bilan bo‘lishishgandi.

Xitoy mobil aloqa operatori vakili Van Syuyan tarmoqning birinchi bosqichini qurish va sinovdan o‘tkazish muvaffaqiyatli yakunlanganini ma'lum qilgan. 5G-tarmoq Pekinning Xuayjou tumanida sinov rejimida ishga tushirilgan. China Mobile 5-avlod tarmog‘i bilan qoplanishni yaratishning texnik imkoniyatlariga ishonch hosil qildi. Hozircha, qanday natijalarga erishilgani noma'lum. 

Xitoy 5G texnologiyasini rivojlantirish ustida jadal ish olib bormoqda.  "Xitoyda qilingan-2025" davlat dasturi doirasida yangi mobil tarmoqni 2020 yilgacha ommaviy foydalanishga joriy qilish rejalashtirilmoqda. 

Mavzuga oid