Jamiyat | 16:54 / 05.03.2017
10758
6 daqiqa o‘qiladi

G‘ildirak aylanaveradi: ista ortda qol, ista undan o‘zib ket

Yaqinda “Yoshlar” telekanali xalqimizning sevimli filmiga aylanib ulgurgan “Ajoyib xayolparast” kartinasini namoyish qildi. O‘ttiz yildan buyon har yili hech bo‘lmaganda bir marta bu film taqdim etilsa-da, qayta-qayta tomosha qilaverish muxlislarni aslo zeriktirmaydi. Lekin filmga asos qilib olingan g‘oya o‘yga toldirishi aniq.

Komediya janrida suratga olingan bo‘lsa-da, bosh qahramonning taqdiri anchagina ayanchli kechadi. Hali hech kim qo‘l urmagan soha - quyonchilikni yo‘lga qo‘yib, shuning ortidan boyib ketish, o‘zining nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘yish va barcha yaqinlarini sovg‘alar bilan xursand qilish istagi Hasanboyga tun-u kun tinchlik bermaydi. Lekin butun qishloq uning bu harakatiga qarshi, hamma uni yomonlaydi, hech kim uni tushunmaydi, tushunishni istamaydi ham. Tug‘ishgan ukasi “yulg‘ich, olibsotar” deb ataydi, eng ishongani, suyukli rafiqasi uni aqldan ozganlikda ayblaydi. Axir yuzaki qaralganda ham bunday emasligi ma'lum, Hasan aka hech kimning haqini yulib yemaydi, quyonlarni qishloqdan olib shaharga sotish singari olibsotarlikdan ham yiroq. Lekin o‘sha davr, kechayotgan zamon hamda insonlardagi shakllangan qarashlar ukaga yolg‘iz va g‘amxo‘r akani shunday atashga, turmush o‘rtog‘ini sevuvchi, oilam deguvchi itoatkor ayolga eriga tik boqib gapirishga izn beradi. Hammani kuldirgan qahramon film so‘ngida o‘zining bu niyati mutlaq xato ekanligini anglab yetgandek tushkun kayfiyatga tushadi. 

Bu film yaratilganiga tarix nuqtai nazaridan hech qancha muddat bo‘lgani yo‘q. Film ijodkorlarining aksariyati hayot, oramizda yurishibdi, undagi manzaralar ko‘pchiligimizga qadrdon qishlog‘imizni eslatadi. Ammo shu qisqa muddat ichida qarashlar butunlay o‘zgarib ketgan.

Agar sevimli aktyorimiz Baxtiyor Ixtiyorovning bu obrazi bizning davrimizda yashaganida bormi, u shubhasiz ishbilarmon tadbirkor deya atalgan, eng kamida o‘zi yashayotgan hududda hamma havas qiladigan insonga aylangan bo‘lardi. Chunki u oilasining, yaqinlarining farovon yashashi yo‘lida tun-u kun mehnat qiladi, qiynalsada, yolg‘iz o‘zi intilayotgan bo‘lsada, ortga chekinmaydi. 

Albatta, hamma ham bir maromda kechadigan hayot tarzini o‘zgartirib yuborishga intilayotganlarni qabul qila olmaydi. Har davrda bunday insonlar bo‘lgan va ularning ko‘pchiligi atrofdagilar uning g‘oyalarini hazm qila olmaganliklari uchun qiynalib o‘tishgan hamda o‘z loyihalarini hayotgan tatbiq eta olishmagan. Asrlar suronida bunday insonlarning qancha bo‘lganligi, ular bilan birga nechtalab olamshumul ixtiro yoki yo‘nalishlar tarixning muttasil aylanuvchi g‘ildiragi ostida ezilib ketgani albatta, noma'lum. Insoniyat dahosi deya atalgan Leonardo da Vinchining aksariyat loyihalari o‘sha davrda hayotga tatbiq qilinmagan, ko‘pchilik ularni mutlaqo keraksiz matoh deya atagan va olimni hatto safsatabozlikda ayblashgan. Bugungi kun qarashlarida u yaratgan uchish moslamasini yasash maktab o‘quvchisining ham qo‘lidan keladigandek tuyilsada, aynan shu moslamalar taraqqiyotning qaysidir bosqichida fan-texnika inqilobi uchun asos vazifasini o‘tagan.

Da Vinchi o‘z davrida e'zozlanishiga sabab esa u yaratgan suratlar va haykallar bo‘lgan. Bunday san'at asarlari insonni tarixga muhrlab qo‘yishini yaxshi anglab yetgan dahoning zamondoshlari o‘sha davrlardayoq g‘oyalari ahmoqona tuyilmasin uni ko‘klarga ko‘tarishgan.

Ivan Grozniy zamonida uchuvchi moslamani ixtiro qilib uni shohga taqdim etgan olimning taqdiri anchagina ayanchli kechgan, hukmdor uni poroxli bochkaga o‘tqazib “uchirib” yuborgan (harqalay shunday gaplar yuradi).

Hozirda har qanday inson taraqqiyot yutuqlaridan foydalanib ko‘kka parvoz qilishi mumkin. Erishilgan yutuqlarni ortda qoldiruvchi, nafaqat sayyoramiz atrofida, balki o‘zga sayyoralarga ham uchib borishni mo‘ljallayotganlarga, bu reja ustida ter to‘kayotganlarga hamma havas qiladi. 

Har bir go‘shada, hamma qishloqlarda chaqaloqlar dunyoga kelayapti. Ularning qay birida insoniyat og‘irini yengil qila olgudek daholik yashiringanini hech birimiz bilmaymiz. O‘zimiz yangilikka intilmasak-da, farzandlarimizning dastlab oddiy tuyilgan qiziqishlarini anglab yetishimiz, ularning hatto omadsizlikka uchrashi mutlaqo aniq bo‘lgan g‘oyalarini ham qo‘llab quvvatlashimiz lozim. Chunki bu g‘oya aynan ularniki!

Insoniyat taraqqiyoti omadsizliklar, xatolar va adashishlarga qaramay chekinmaslik ortidangina yuzaga chiqadi. Unutmang, uni yaratayotganlar ham siz-u biz kabi insonlar, ularning ota-onalari ham xuddi biz kabi otalar va onalardir.

Abror Zohidov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid