Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent viloyatida xonadonlarga sovchi bo‘lib kelgan “ovchi” qo‘lga olindi
Ota-bobolarimizdan qolgan eng yaxshi udumlardan biri qobil farzandlar tarbiyalab, ularning baxtu iqbolini ko‘rishdir. Bekobod tumanida yashovchi Maktuba Arslonova hamda Mubina Turopova (ism-shariflar o‘zgartirildi)ning ham qizlari balog‘atga yetgach, eshik qoqib, so‘rab keluvchilarning keti uzilmay qoldi, deb yozadi “Postda” gazetasi.
Odatdagi kunlarning birida Maktubaxon uy yumushlari bilan shug‘ullanib turganda ko‘cha eshigini kimdir qattiq taqillatadi. Ochib qarasa, xushro‘ygina juvon jilmayib turardi.
Hol-ahvol so‘rashishgach, o‘zini Barno deb tanishtirgan juvon sovchilikka kelganini aytadi. Mehmon uyga taklif qilingandan keyin xonadon sohibasi bo‘lajak kuyovning ma'lumoti, qayerda ishlashi, ota-onasi, qisqasi, ajdodini surishtirib ko‘rgach, ma'qul kelganini izhor etish maqsadida choy qo‘yish uchun oshxonaga chiqadi.
Uyda xonadon sohibasidan boshqa hech kim yo‘qligini sezgan “sovchi” paytdan foydalanib servantdagi qimmatbaho tilla taqinchoqlar, telefon va boshqa qimmatli narsalarni olib, sumkasiga joylab qo‘yadi. Birozdan so‘ng choy ko‘tarib kirgan Maktubaxon hech narsani sezmaydi. Ikkalasi ancha suhbatlashib o‘tirgach:
- Qizingizni tanimasam ham suratidan ko‘rinib turibdi, xushro‘ygina ekan, ukamga ana shunday kelin qidirayotgandik. Mayli, endi men boray, o‘zim sizlarga qo‘ng‘iroq qilib, to‘y kunini belgilab olamiz, - deya Barno chiqib ketadi.
Maktubaxon xursandchiligini yashirolmay kechki payt oila a'zolari dasturxon atrofida jam bo‘lgach, yangilikni ularga aytadi.
...Qimmatbaho buyumlarni xamirdan qil sug‘urganday o‘g‘irlab chiqqan Barno ko‘chada hech kim yo‘qligidan quvonib, to‘g‘ri Bekobod shahridagi o‘zi yashayotgan xonadonga yo‘l oladi. Qo‘lga kiritgan narsalarni sumkasidan chiqarib hisob-kitob qilib ko‘rsa, kattagina qiymatga ega ekan.
“Bularni biror zargarga topshirsam anchagina naqd pul qilib bersa kerak”, - deya ko‘nglidan o‘tkazadi u. Keyin bozorga chiqib o‘g‘irlagan buyumlari orasidagi qimmatbaho telefonni arzimas pulga sotadi va uch-to‘rt kun o‘ziga o‘xshaganlar bilan aysh-ishrat qiladi. Bir kuni puli tugab qolganini ko‘rib, o‘ylab qoladi.
“Nima qilsam ekan? Eski reja ish berarmikin”, - deb bu gal ham Bekobod tumaniga keladi. Eski tanishlaridan biriga uchrab, yaqin-atrofda bo‘yi yetgan qizi bor xonadonlarni surishtiradi. Kerakli ma'lumotni olgach, “Avangard” fermerlar uyushmasida istiqomat qilayotgan Mubina Turopovaning xonadoniga boradi. O‘zini Laylo deb tanishtirib, sovchilikka kelganini aytadi va uyga kiradi.
- Qizimiz mendan ko‘ra, ko‘proq ammasining tarbiyasini olgan. Shu sababli u kishining oldidan bir karra o‘tmasak, insofdan bo‘lmasa kerak, - deydi M.Turopova.
Ikkalasi birgalikda tuman markazida yashovchi Rohilaxonnikiga kelishganda firibgar “sovchi” hayratdan lol bo‘lib qoladi. Ushbu xonadon sohibasi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, halol mehnat hisobiga o‘z sharoitlarini yaxshilab olgandi. Uchalasining bo‘lajak yosh oila haqidagi suhbatlari uzoqqa cho‘zilmadi.
- Yana bir karra o‘ylab ko‘raylik, so‘ng bir xulosaga kelamiz, - dedi Rohilaxon.
Avvalgi galdagi singari bu yerda ishi tez bitmagan firibgar nochor uydan chiqib ketarkan, xonadondagi to‘kin-sochinlikni ko‘z o‘ngidan ketkiza olmay: “Qachon bo‘lmasin baribir bu yerga qaytib kelaman”, deya ko‘nglidan o‘tkazadi...
Yozning jazirama kunlaridan birida Rohilaxon do‘konni qulflab, tushlik qilish uchun uyiga kelganida ko‘cha eshigini ochiq qoldiradi. Bir necha kundan buyon shu atrofda payt poylab yurgan firibgar “sovchi” uchun eshik ochiq qolgani ayni muddao edi. Shu bois u sezdirmay xonadonga kiradi. Uy sohibasini uyqu elitganidan foydalanib ishga kirishadi va 7 million so‘mlikdan ziyod moddiy boyliklarni olib juftakni rostlaydi. Keyinroq voqeadan xabar topgan Rohilaxon Bekobod tumani IIBga ariza bilan murojaat etadi. Tezkor xodimlarining sa'y-harakati tufayli jinoyatchi qo‘lga olinadi.
Voqea shu bilan tugasa-da, o‘quvchida sovchi bo‘lib ketgan “ovchi” kim ekan, degan fikr tug‘ilishi tabiiy. Bu to‘g‘risida, yaxshisi aniq ma'lumotlarga e'tibor qaratsak, o‘rinli bo‘lardi. Asli Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib o‘sgan Zaynab Badriyeva (ism-sharifi o‘zgartirildi) ayni paytda 35 yoshda. Maktabda o‘qigan davrda ham, hayotda ham o‘z o‘rnini topolmagan bu juvon esini tanigandan buyon o‘zgalarning mulkini talon-toroj qilish, fuqarolarga ozor yetkazish bilan shug‘ullanadi. Qilmishlari uchun dastlab, jinoyat ishlari bo‘yicha Oqoltin tuman sudi tomonidan ikki yilga ozodlikdan mahrum etiladi.
Belgilangan muddatni o‘tab chiqqandan so‘ng ham o‘zgarmadi va yana jinoyatga qo‘l urib, O‘zbekiston JKning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topilgan, ammo amnistiya aktiga asosan javobgarlikdan ozod qilingandi. U keyinchalik qayta jinoyat sodir etganligi bois jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudining qaroriga ko‘ra, uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining ajrimi bilan o‘talmay qolgan 2,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi ish haqidan davlat foydasiga 20 foiz ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtiriladi.
Ammo u bu jazoni umuman o‘tamadi. Aksincha, jinoyat ustiga jinoyat qilib odamlarga zarar yetkazdi. Xalqimizda “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi”, degan maqol bejiz aytilmagan: jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudi yaqinda bu firibgar ayol ustidan hukm o‘qidi. Endi uning bir necha yillik umri tikanli simlar ortida o‘tadi.
Mavzuga oid
10:25 / 18.06.2026
Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha DXSh bitimi imzolandi
11:35 / 17.06.2026
Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi
16:28 / 13.06.2026
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchi ikkinchi haydovchiga tayoq bilan hujum qildi
15:50 / 11.06.2026