Jahon | 15:30 / 07.03.2017
21837
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Donald Tramp Rossiya bilan munosabatlarda «to‘nini teskari kiyib oldi»

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati kutilmagan tarzda Rossiya bilan munosabatlarda qattiqqo‘l siyosat yurita boshladi. Bu choralar esa Yevropadagi ittifoqchilar tomonidan olqishlanmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar yozgan.

Nashrning yozishicha, Trampning saylovdagi g‘alabasi «Rossiyadagilarga xursandchilik keltirgan, Yevropada esa tashvish uyg‘otgandi». Ammo endi barchasi o‘zgargan.

«Saylovoldi kampaniyasi va hokimiyatning Tramp qo‘liga o‘tishi jarayoni vaqtida Rossiya haqida yumshoq ohangda gapirilayotgan, NATO va ittifoqchilar manzili tomon esa tanqidlar yog‘ilayotgandi. Ammo Tramp vazifasini bajarishga kirishgach, u o‘ziga Kreml bilan munosabatlarda keskinlik tarafdori bo‘lgan bir qator shaxslarni o‘ziga yordamchi qilib tayinladi. Avvaliga prezident ular bilan hamfikr emasdek ko‘rinayotgandi. Lekin keyingi vaqtlarda Tramp NATOni qo‘llab-quvvatlash haqida ko‘proq gapira boshladi, xususan, o‘tgan haftada AQSh kongressidagi murojaatida», — deyiladi nashr xabarida.

WSJ nashrida yozilishicha, Moskva bilan munosabatlarda keskin tanqidlar Trampning Yevropa va Rossiya  masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lishi kutilayotgan Fion Hill tomonidan ham bildirilmoqda.

Nashrning baholashicha, «hokimiyat yangi kuchlar qo‘liga o‘tgach, vaziyat kutilmagan yo‘nalishda o‘zgardi va endilikda bu holat Rossiyada trevoga yuzaga keltirib, Yevropada xursandchiliklar bilan kutib olinmoqda».

Maqolada yozilishicha, Vashington yevropalik diplomatlarni Sharqiy Yevropa davlatlarini, xususan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishiga ishontirgan.

«Biz yagona pozitsiya bo‘yicha jadal harakatlanmoqdamiz. Endi hech kim AQSh Rossiya bilan yirik bitim tuzishi haqida o‘ylamayapti», — deya nomini sir tutishni istagan yevropalik diplomatlardan birining so‘zlarini keltirgan WSJ.

Nashrning qayd etishicha, ekspertlar hozircha Trampning «haqiqiy niyatlari»ni bila olishmayapti. U bungacha Rossiya bilan kelishib ishlamoqchi ekani haqida bildirib kelayotgandi.

NBC News telekanali va Wall Street Journal gazetasi o‘tkazgan so‘rovnomalarga ko‘ra AQSh fuqarolarining 38 foizi amerikaliklar prezidenti va Rossiya rahbari munosabatlari «haddan tashqari do‘stona» deb hisoblaydi. Yana 29 foiz kishi bunday fikrga qo‘shilmaydi. Qo‘shma Shtatlar aholisining uchdan biri — 32 foizi esa bu borada munosabat bildirishni istamagan. 

Yana bir so‘rovnomaga ko‘ra esa amerikaliklarning to‘rtdan uch qismi Rossiya tomonidan tahdid mavjud deb bilishi ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid