Jahon | 07:37 / 07.03.2017
18590
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp immigratsiya haqidagi yangi farmonni imzoladi

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ichiga 6 ta davlat fuqarolariga AQShga vaqtinchalik kirishni taqiqlovchi immigratsiya haqidagi yangi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uyga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. Farmonning to‘liq matni Oq uy saytida joylashtirilgan

Oq uyda ma'lum qilinishicha, yangi farmonga ko‘ra  aksariyat aholisi musulmonlarni tashkil qiluvchi 6ta davlat – Eron, Liviya, Suriya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolariga AQShga 90 kunga kirishga taqiqlov saqlanib qoladi.

27 yanvarda chop etilgan farmondan farqli, yangi farmondan Iroq nomi olib tashlandi. Bunga esa Iroq hukumati yo‘lovchilarni tekshirishda barcha zarur xavfsizlik choralarini amalga oshirgani sabab sifatida keltirib o‘tildi. Bu Iroq fuqarolariga AQShga kirishga imkon beradi. 

Oq uyda qo‘shimcha qilinishicha, yangi farmonda yuqoridagi 6 ta davlat fuqarosi bo‘lgan hamda grin-kartaga ega va AQShda doimiy yashashga ruxsati bor odamlarga AQShga kirish taqiqlanmasligi ko‘rsatilgan.

AQShga ko‘chirilishi ma'qullangan qochqinlar AQShga kela olishadi. Shuningdek, avvalgi farmondan Suriyadan qochqinlarni qabul qilish noma'lum muddatga taqiqlanishi haqidagi band olib tashlandi.     

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid