AQSh va Eron o‘rtasida Ko‘rfazdagi urushni to‘xtatish bo‘yicha memorandum shu yakshanba – 14 iyun kuniyoq imzolanishi mumkin. Bu haqda G‘arbdagi diplomatik manbasi tayanib Reuters ma’lumot berdi.
Manbaga ko‘ra, memorandum matni hali ham yakuniy bosqichda ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, Eron kelishuv Livandagi janglarni ham to‘xtatishi kerak degan o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi. Livan janubiga bostirib kergan Isroil u yerda Hizbulloh bilan kurash olib bormoqda.
Maqsad shanba kunigacha kelishuvni matn shaklini yakunlashdan iborat. Toki bitim AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens va Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof tomonidan imzolanishi mumkin bo‘lsin, deydi manba. Hozircha uchrashuvning aniq joy belgilanmagan, biroq Shvetsariyaning Jyeneva shahri eng ehtimoliy variant bo‘lib turibdi.
Eronga yon bosilayotgani aytilmoqda
Reutersʼning Eron rasmiylariga tayanib yozishicha, ular tavsiflangan kelishuv shartlari Tehronga u talab qilgan narsalarning aksariyat qismini taqdim etayotganga o‘xshaydi. Tramp esa Eron yopib qo‘ygan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishidan tashqari, o‘zi istagan narsalardan juda kam qismini qo‘lga kiritgandek ko‘rinmoqda.
Eronning yuqori martabali amaldoriga ko‘ra, kelishuv loyihasi – Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qiladi, uning milliardlab dollarlik mablag‘larini muzlatishdan chiqaradi va barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qiladi.
Yadroviy masalalar keyingi muzokaralar uchun chetga surib turiladi. Vashington Eron hech qachon yadro qurolini ishlab chiqarmasligini ta’minlaydigan kelishuvni xohlaydi. Eron esa bunday qurolga intilmayotganini aytadi.

Tehrondagi manba Eron buning evaziga nima taklif qilishi mumkinligi haqida hech narsa aytmagan. AQSh hozircha munosabat bildirmadi.
Eronning «Mehr» axborot agentligiga ko‘ra, shartlar – AQShning boshqa muhim yon berishlarini ham o‘z ichiga oladi. Jumladan, o‘z kuchlarini Eron atrofidan olib chiqib ketish majburiyati va vayron bo‘lgan Eron iqtisodiyotini qayta tiklash rejasini taqdim etish shular jumlasidandir.
«Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Eronni qayta tiklash uchun qiymati kamida $300 milliard bo‘lgan rejalarni taqdim etishlari kerak»









