Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Anons. «Barselona» Messidan umidvor, «PSJ» statistikadan
Yevropa chempionlar ligasining 1/8 final javob uchrashuvlari bugun ham davom ettiriladi. Dastlabki uchrashuvlarning eng sensatsion natijasi sifatida qaralgan uchrashuvning ikkinchi qismi bugun Kataloniyada bo‘lib o‘tadi. Tribuna.Uz kunning eng asosiy uchrashuviga to‘xtalib o‘tadi.
BARSeLONA – PSJ (9 martga o‘tar kechasi, 00:45, UzReport, Match TV)
Uch hafta oldin Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuv butun dunyo jamoatchiligi hayrat ko‘chasiga yetakladi. «PSJ»ni pley-offda qoldirib ketish bo‘yicha mutaxassis «Barselona» qaqshatqich zarba qabul qilib oldi. Endilikda Lionel Messi va Ko hech bir jamoa uddalay olmagan ishni bajarib ko‘rishga harakat qiladi. Qachondir shu kabi tarix yozilishi kerak. Balki buni aynan «Barselona» boshlab berar, buni bugun bilib olamiz.
O‘yindan oldin
Barselona
Shunday jamoalar bo‘ladiki, ularning murabbiyi bo‘lish elektrli stulga o‘tirishdek gap. «Barselona» – shunday jamoalardan biri. Bu klubga murabbiy bo‘lish doimiy bosimda turishingizga sabab bo‘ladi. Har bitta qilgan harakatingiz uchun javob berishingizga to‘g‘ri keladi. Luis Enrike ham bundan chetda qolmadi. Jamoa muntazam bosim ostida ishlagan murabbiy mavsum tugagach, jamoani tark etishini bildirdi. U shu orqali o‘zidan katta bosimni olib tashladi. Endi u Kataloniyadagi faoliyatini chiroyli yakunlab qo‘yishi uchun ham bu uchrashuvda mutlaqo kuzatilmagan tarixni yaratishi kerak.
Ispaniya chempionati doirasidagi so‘nggi ikki uchrashuvni jamoa o‘ta muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Aytish mumkin bo‘lsa, bugungi uchrashuv uchun kerak bo‘lgan, ya'ni «Barselona»ni chorak finalga olib chiqishi mumkin bo‘lgan hisoblarda g‘alaba qozonildi. «Sporting» 6:1, «Selta» esa 5:0 hisobida mag‘lub etildi. Uchrashuvgacha bo‘lgan repetitsiyalar shu kabi muvaffaqiyatli o‘tdi.
PSJ
Parijliklar jamoasi ham o‘tgan haftada 2 uchrashuv o‘tkazdi. Kubok nimchorak finalidagi «Nor»ga qarshi uchrashuv (2:0) ham, «Nansi»ga qarshi chempionat uchrashuvida (1:0) ham jamoa katta qiyinchiliklarga duch kelindi. Ammo asosiysi jamoaning hal qiluvchi gollarini yetakchi hujumchisi Edinson Kavani kiritdi.
Yo‘qotishlar
Uchrashuvda kataloniyaliklar safida Aleysh Vidal maydonga tusha olmasligi aniq. Shuningdek, Jyeremi Matyo va Arda Turonning ham bu uchrashuvda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda. «PSJ» tarkibida esa zayavkaga kiritilmagan Gonsalu Guedesh maydonga tusha olmaydi. Tiagu Motta, Adriyen Rabio va hattoki «Park de Prens»da qahramonlik ko‘rsatgan Anxel Di Mariyaning ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.
Taxminiy tarkiblar
Barselona: 1. ter Shtegen, 18. Alba, 23. Yumtiti, 3. Pike, 20. Serxi Roberto, 5. Buskets, 8. Inesta, 4. Rakitich, 11. Neymar, 9. Suares, 10. Messi.
PSJ: 1. Trapp, 12. Myone, 5. Markinos, 2. Silva, 20. Kurzava, 4. Krixovyak, 6. Verratti, 14. Matyuydi, 10. Pastore, 23. Draksler, 9. Kavani.
Uchrashuvdan oldingi fikrlar
Luis Suares («Barselona» hujumchisi):
«Parijdagiga qaraganda butunlay boshqacha futbol ko‘rsatish uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Muxlislarga haqiqiy «Barselona» qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yishimiz lozim. Bu qiyin bo‘lishi aniq, ammo ilojsiz ish emas. Agar qaysidir jamoa bu ishni uddalaydigan bo‘lsa, u ham «Barselona» bo‘ladi. Bizda qiyin vaziyatdan chiqib ketish uchun barcha sifatlar bor deb o‘ylayman».
Luis Enrike («Barselona» bosh murabbiyi):
«So‘nggi ikki haftadan buyon menda bu uchrashuvda maqsadga yaqin keladigan vaziyatga ega bo‘lishimiz mumkinligi tasavvuri tark etmayapti. Agar kimdir bizga qarshi 4ta gol kiritgan bo‘lsa, biz ularga qarshi 6ta gol kirita olamiz. Birinchi uchrashuv natijasi ko‘p narsani aytib turgan bo‘lishi mumkin, lekin bu birinchi qismning yakuni xolos. Oldimizda 95 daqiqa bor va unda ko‘p narsa o‘zgarib ketishi mumkin».
Yulian Draksler (PSJ yarimhimoyachisi):
«Kataloniyaliklarning qanday kuchga ega ekanini yaxshi bilamiz. Uyda qozonilgan g‘alaba bizga ustunlik bermoqda, ammo javob uchrashuvi oldidan bu hech narsani anglatmaydi. «Kamp Nou»da juda ko‘p jamoalar 5ta va undan ortiq to‘p o‘tkazib yuborishgan. Ko‘p uchrashuvlarda kuchli jamoalar ham 0:5 hisobidagi mag‘lubiyat bilan bu stadionni tark etishgan. Biz hamma narsa bo‘lishi mumkinligini bilib turibmiz va shuni unutmagan holda maydonga tushamiz».