Fan-texnika | 13:39 / 08.03.2017
8532
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyliklar Jyeneva motorshousida olti motorli superkarni namoyish qilishdi

Xitoyning Techrules kompaniyasi Jyeneva avtoko‘rgazmasida dizel-elektrli Ren superkarining jahon taqdimotini o‘tkazdi. Uning eng kuchli namunasiga 6ta elektrmotor o‘rnatiladi. Seriyali modelning mikroturbogeneratorli motorga ega namunasi 1300 ot kuchiga ega bo‘ladi. 

Firma Ren superkarini bir necha modifikatsiyada taqdim etadi. Ya'ni xaridor 2, 4 yoki olti motor o‘rnatilgan mashinadan birini tanlashi yoxud ikkita turbinali dizel yoqilg‘isida ishlovchi bir motorli mashinani sotib olishi mumkin. Ularga o‘rnatiladigan batareyalar hajmi ham farqlanadi va 14, 25 yoki 32 kVt/soatni tashkil etadi. Superkarning eng kuchlisiga oltita elektr motor joylanadi. 

Jami 1305 ot kuchiga ega bo‘lgan 1630-kglik mashina 2,5 soniyada soatiga yuz kilometr tezlikka erishadi. Uning eng yuqori tezligi soatiga 320 kmga teng. Bu mashinada har yuz kmga yoqilg‘i sarfi, ishlab chiqaruvchilarga ko‘ra, 7,5 litrdan oshmaydi. Shu bilan birga, 1170 km masofani 80 litr dizel bilan bosib o‘tish mumkin. Elektr motorlar zaxirasi 200 kmni tashkil etadi. 

Techrules kompaniyasiga ko‘ra, patentlashtirilgan TREV gibrid tizimi 2 ming kmgacha masofani ortda qoldira oladi. Akkumulyatorlarni 80 foizga to‘ldirish uchun maxsus quvvatlagich vositasida 15 daqiqa vaqt talab etiladi. Batareyalarni 100 ming martagacha qayta quvvatlash mumkin. 

Superkar karbon-keramik tormozlar bilan jihozlangan. 

Modelning shassi va kuzovini Italiyaning L.M. Gianetti firmasi tayyorlagan, dizaynini Djordjyetto Djudjaro va o‘g‘li Fabritsio tomonidan chizilgan. Salonga deyarli to‘liq ochiladigan tom uzra kiriladi. Mashinaga haydovchi o‘rindig‘idan tashqari, xohishga ko‘ra, yana ikkita o‘rindiqni joylashtirish mumkin. 

Mavzuga oid