Jahon | 07:34 / 09.03.2017
6211
2 daqiqa o‘qiladi

Trampdan biznes aloqalarini uzish talab qilinmoqda

Foto: Reuters

AQSh senati xalqaro qo‘mitasi a'zosi, demokrat Ben Kardin AQSh prezidenti Donald Trampdan uning bir necha o‘nlab savdo markalarining Xitoy hukumati tomonidan ma'qullanishi sababli Trump Organization kompaniyasi bilan barcha aloqalarni uzishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.  

Senatorning aytishicha, aks holda, Tramp konstitutsiyani buzgan bo‘ladi. Senator davlat departamenti, savdo va adliya vazirliklaridan AQSh kongressiga xitoyliklarning qarori va "bu qaror o‘zidan qanday xavflar bildirishi" haqida so‘zlab berishni so‘radi.  

Xitoy hukumati avvalroq Trampning 38 ta yangi savdo markasini ma'qullagan. Bu markalarga arizalar 2016 yil aprelda, ya'ni Tramp AQSh prezidenti etib saylanishidan bir necha oy oldin topshirilgan. Gonkonglik tahlilchi Xitoy hukumati bunday ko‘p miqdordagi arizani shunday tez ma'qullaganini birinchi marta ko‘rayotganini aytdi. 

Tramp o‘z biznesini o‘g‘illaridan biri va Trump Organization menejyeri tomonidan boshqariluvchi maxsus trastga topshirgan, biroq uning o‘zi trastning yagona benefitsiari (daromad oluvchisi) bo‘lib qolmoqda, ya'ni u kompaniya faoliyatidan daromad oladi hamda istalgan vaqtda boshqaruvni o‘ziga qaytarib olishi mumkin.

Kardin konstitutsiya buzilishi deganda, uning 1-moddasini nazarda tutgan. Unga ko‘ra, amerikalik rasmiy shaxslar kongress roziligisiz xorijiy davlatlardan hech qanday daromad olishga haqqi yo‘q. 

Mavzuga oid