O‘zbekiston | 09:35 / 10.03.2017
8038
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati ishbilarmonlari delegatsiyasi Italiyaga safar uyushtirdi

Namangan viloyati ishbilarmonlari va fermerlari delegatsiyasi Italiyaga safar uyushtirdi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar bermoqda. 

Safar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi italiyalik hamkorlar bilan o‘zaro tajriba almashdi.

Delegatsiya a'zolari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, saralash, qayta ishlash va qadoqlash texnologiyalarini o‘rganish maqsadida Italiyaning qayta ishlovchi korxonalari ishi bilan tanishdilar.

Delegatsiya, shuningdek, Italiya ishlab chiqaruvchilari va xususiy korxonalari konfederatsiyasi, "Italiya-O‘zbekiston" savdo palatasi va Zanotti kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdilar

Muzokaralar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston kompaniyalari va fermer xo‘jaliklarining taklif va ehtiyojlari asosida italiyalik tadbirkorlar bilan Namangan viloyatiga yiliga  4 tonna meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlash uchun muzlatish uskunalarini yetkazish va o‘rnatish bo‘yicha 5 ta bayonnoma imzolandi. 

Tomonlar o‘rganib chiqqandan keyin imzolanishi kutilayotgan yana beshta hujjat loyihasi tayyorlangan. Bu kelishuvlarga ko‘ra 10 tonna mahsulotni qayta ishlash va saqlash uchun mo‘ljallangan qurilmalarni taqdim qilish ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining Namangan viloyati hududiy vakolatxonasi tomondan italiyalik hamkorlar bilan hamkorlik haqida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik tadbirkorlar va fermerlarga zamonaviy agrosanoat texnologiyalarini xarid qilishda, Italiyadagi ko‘rgazmalar va biznes-anjumanlarda ishtirok etishda ko‘mak ko‘rsatiladi. 

Zanotti kompaniyasi bilan Namanganda "Zamonaviy kelajak ta'lim" o‘quv markazi negizida o‘zbekistonlik tadbirkorlarni qayta tayyorlash va malakalarini oshirish bo‘yicha kurslar tashkil qilishga kelishib olindi.

Mavzuga oid