Jamiyat | 10:40 / 11.03.2017
21166
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada jinoyatga qo‘l urgan sobiq maktab direktorlari jazoga tortildi

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 38-sonli umumta'lim maktabi ma'muriyati tomonidan Respublika Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta'lim xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizom qoidalari pisand qilinmay, byudjyet mablag‘lari o‘zlashtirilgan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Sobiq maktab direktori Q.Abdurahmonov va undan keyin direktor vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan A.Yusupov hamda hisobchi D.Parmonov o‘zaro til biriktirib, uch nafar o‘qituvchiga 1 mln. 800 ming so‘m, uch nafar maktab qorovuliga 880 ming so‘m moddiy yordam pullari to‘langani haqida to‘lov qaydnomasiga soxta ma'lumotlarni kiritishgan. Ularning o‘rniga qaydnomaga o‘zlari imzo chekib, jami 2 mln. 680 ming so‘m byudjyet mablag‘iga ega chiqishgan.

Hisobchi va maktabning sobiq direktori Q.Abdurahmonov shuningdek, o‘qituvchilarning ishga kelmagan kunlariga ham ish haqi yozish, mehnat ta'tilidagi o‘qituvchilarning go‘yo ishlaganini tabellarda qayd etish, maktab bo‘yicha tegishli buyruq chiqarilmasdan o‘zlariga va o‘qituvchilarga ish haqi hisoblash orqali byudjyetning 12 mln. 264 ming so‘m mablag‘ini ham talon-toroj qilishgan.

D.Parmonov direktor vazifasini bajaruvchi A.Yusupov bilan “kelishib”, xodimlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan 332 ming so‘mlik to‘lov topshiriqnomasiga qo‘shib yozgan 1 mln. so‘mni o‘zi olib sarflagan. Mukofot pullari tarqatilgani to‘g‘risidagi to‘lov qaydnomasiga o‘qituvchilarning soxta imzolarini qo‘yib, yana 1 mln. 964 ming so‘mni qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, D.Parmonov direktor vazifasini bajaruvchi A.Yusupovning haybarakallachiligi bilan o‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasb va lavozimda ishlayotgan xodimlarga qo‘shimcha ish haqi miqdori kasb va lavozimlar maoshining 30 foizidan ortmasligi haqidagi qonun talabiga zid ravishda o‘qituvchi va qorovullarga ortiqcha hisoblangan jami 2 mln. 824 ming so‘m pul mablag‘ini “ehson” qilib yuborgan.

2015-2016 o‘quv yilida byudjyet mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishda sobiq direktor Q.Abdurahmonov, amaldagi direktor A.Yusupov va hisobchi D.Parmonov o‘zaro til biriktirib, jami 24 mln. 280 ming so‘m miqdorida zarar yetkazishgani ayon bo‘ldi. Ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rildi. Sudlanuvchilar ayblariga to‘liq iqror bo‘lishdi. Ularning aybi shuningdek, hujjatli dalillar bilan ham tasdiqlandi. Sud sudlanuvchilarga muayyan muddatga moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etgan holda axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.  

Halollik bobida ibrat bo‘lish o‘rniga, nafsini jilovlay olmay, jinoyatga qo‘l urgan maktab sobiq direktorlari misqollab yiqqan obro‘larini yelga sovurishdi, nazardan qolishdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid