Xitoyda “ikki farzandlik” siyosati rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda
Xitoy fuqarolariga ikki nafardan farzandli bo‘lish huquqini berish siyosati rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash va tug‘ilishni rejalashtirish davlat qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Van Peyan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
2016 yil 1 yanvaridan Xitoyda 1970-yillarning oxiridan qo‘llanilgan "bir farzand siyosati" bekor qilindi.
"Yangi siyosat amaliyotga joriy qilinganiga bir yildan oshdi, aytish mumkinki, uning natijalari kutilganidek ko‘zga tashlanmoqda", — degan Van Peyan. Uning aytishicha, siyosat boshlanganidan buyon 2016 yil oxiriga kelib mamlakatda 18,46 million bola tug‘ilgan.
Biroq, Van Peyanning ta'kidlashicha, bu siyosatni amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelinmoqda. Xususan, ikkinchi farzandni dunyoga keltirgan ayollar ishga qaytishda sun'iy to‘siqlarga duch kelmoqda. Bundan tashqari, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan bog‘chalar yetishmayapti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida oilalar ikkinchi farzandli bo‘lishlariga ijobiy turtki berish uchun qo‘llab-quvvatlash siyosatini davom ettirish zarur.
Avvalroq, Van Peyan Xitoy hukumati ikkinchi farzandli bo‘lganlarga pul mukofoti berish imkonini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar qilgan edi.
O‘tgan asrning 70-yillari oxiridan Xitoyda "Bir oila — bir farzand" siyosati joriy etildi. Unga muvofiq, shaharliklar bir nafar, qishloq joydagilar, birinchi farzandi qiz bo‘lsa ikki nafar farzandli bo‘lishlari mumkin edi. Biroq, vaqt o‘tgan davomida bu siyosat demografik muammolarni keltirib chiqardi. Jinslar o‘rtasidagi nomutanosiblik, keksayish va mehnatga layoqatli aholining kamayishi shular jumlasidandir.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy aholisi 2016 yil oxiriga kelib 1,382 milliard kishini tashkil etgan. Ularning 708,15 millioni erkak, 674,56 millioni ayollardir.
Mavzuga oid
20:54 / 19.11.2024
Ispaniya har yili 300 ming migrantni qonuniylashtirish niyatida
19:17 / 03.11.2024
Rossiyada tug‘ilish darajasini lotereyalar yordamida oshirish taklif etildi
17:46 / 24.10.2024
Keyingi yillarda O‘zbekistonda tug‘ilish kamayadi yo ko‘payadi – prognozlar qanday?
21:06 / 23.10.2024