Jamiyat | 19:25 / 13.03.2017
7428
2 daqiqa o‘qiladi

"Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni" Jizzaxda qanday o‘tdi? 

“Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni”da Jizzax viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Baxmal tumanining Mo‘g‘ol qishlog‘ida 45-umumiy o‘rta ta'lim maktabida mahalla faollari, yuqori sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari hamda ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida maktab o‘quvchilarining darsga faol qatnashishi, tarbiyasi va odob-axloqiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. 

Unda voyaga yetib katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarni qarovsiz qoldirmaslik, aksincha ularga to‘g‘ri yo‘lni tanlab, o‘z kelajagini belgilab olishda ko‘mak berish va ularni qo‘llab-quvvatlash zarurligi, bunda mahallaning, qo‘ni-qo‘shnilar va ustoz-murabbiylarning mas'uliyati katta ekanligi aytib o‘tildi. Darsga muntazam kech qoladigan va sababsiz dars qoldiradigan hamda maktab qonun-qoidalariga bo‘ysunmaydigan o‘quvchilarning ota-onalari hamda maktab ma'muriyati vakillari zarur xulosalarni chiqarib, ularni qarovsiz qoldirmaslik, ular bilan yaqindan suhbatlashishi va muammolarni hal qilishga kelishib olishdi.

Tadbir doirasida shuningdek, o‘quvchilarga yong‘inlar va ularning ayanchli oqibatlari haqida tushuncha berilib, yong‘in xavfsizligi qoidalari aks ettirilgan eslatmalar tarqatildi, yong‘in xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan slaydlar va filmlar namoyish etildi. 

Baxmal tumani IIB YoXB xodimlari tomonidan shu kuni ko‘plab tadbirlar uyushqoqlik bilan o‘tkazilib, 5 ta maktabda 418 nafar fuqaro bilan, 7 ta mahallada 430 nafar fuqaro bilan, 1 ta kollejda 105 nafar fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, uchrashuvda ishtirok eta olmagan fuqarolarning xonadonlariga borilib, 312 ta xonadonda 631 nafar fuqaro bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.

Mavzuga oid