Jamiyat | 15:27 / 14.03.2017
9966
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida joriy yilda qancha yangi avtobus sotib olinadi?

Farg‘ona viloyatida Prezidentning 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchi tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

Viloyatda 2017-2021 yillarda shahar va qishloqlarda avtotransport xizmatini yanada rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yo‘lovchi tashiydigan yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etish, yangi avtobus va mikroavtobuslar sotib olish, yangi avtovokzal va avtostansiyalar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish kabi uchta muhim yo‘nalishda ish olib borilmoqda. 

Dastur asosida joriy yilda viloyatda 7 yangi avtobus yo‘nalishi ochiladi. Ayni paytga qadar viloyat aholisiga namunali avtotransport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Yozyovon tumani aholisining Qo‘qon shahri va atrof tumanlarga borishida yengillik yaratish maqsadida Qo‘qon – Andijon yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishdagi avtobuslar Uchko‘prik, Buvayda, Yozyovon tumanlari, Qo‘qon shahri hamda Andijon viloyatining Bo‘z, Shahrixon tumanlari va Andijon shahri aholisiga xizmat ko‘rsatmoqda.

So‘x tumanida esa “So‘x yo‘lovchi trans” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Farg‘ona – So‘x – Haydarkon yo‘nalishida muntazam avtobus qatnovi tashkil etildi. 

Viloyatda joriy yilda 43 yangi avtobus sotib olinishi rejalashtirilgan. Hozirda ba'zi yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar avtobuslarni sotib oldi, ayrimlari xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan dasturga qo‘shimcha ravishda 11 avtobus sotib olinib, tegishli litsenziya berildi va yo‘nalishlarga joylashtirilishi ta'minlandi. 

Qayd etilishicha, qaror ijrosi bo‘yicha tasdiqlangan dastur doirasida 2017-2021 yillarda viloyatga 281 avtobus va 490 mikroavtobus sotib olinishi rejalashtirilgan. 

Dasturga muvofiq, 2017-2021 yillarda viloyatda 6 yangi avtostansiya quriladi. Ayni paytda Quvasoy shahrida faoliyat ko‘rsatmayotgan avtostansiya faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, Yozyovon tumanida joriy yilda yangi avtostansiya quriladi. Hozirda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvali ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Qo‘shtepa, Uchko‘prik, Beshariq va O‘zbekiston tumanlarida ham yangi avtostansiya qurish bo‘yicha yer maydoni tanlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. 

2018 yilning 1 iyuliga qadar viloyat markazida shahar yo‘lovchi tashish transportida yo‘lkira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ayni paytda avtobus va mikroavtobuslarga onlayn nazorat qurilmalari o‘rnatish, viloyat markazidagi shahar ichi yo‘nalishlarida naqd pulsiz to‘lov tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid