Jamiyat | 17:54 / 18.03.2017
64524
3 daqiqa o‘qiladi

Sumalak ilohiy taommi...?

Har yili bahor fasli kelishi bilan yurtimizda Navro‘z taomi hisoblanuvchi sumalak tayyorlanadi. Bu taom xalqimiz urf-odati, hayoti va an'anasiga shunchalik singib ketganki, hatto noto‘g‘ri tushunchalar ham paydo bo‘lgan. Xususan, islomiy aqidalarga to‘g‘ri kelmaydigan turli xil fikrlar, gap-so‘zlar xalq orasida ommalashgan. Ko‘plar shunga ishonib ham qolgan. Xo‘sh, aslida, bunday fikrlar haqiqatga yaqinmi? "Sumalakni kovlagan, undoq yoki bundoq bo‘ladi" degan gaplar qanchalik asosli? 

Bu kabi savollarga esa, albatta, diniy ta'limga ega kishilar asosli ravishda javob bera olishadi. Toshkent shahar va “Minor” jome masjidi bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov shunday javob bergan:

“Mana sumalak qilinadi Navro‘zda. Sumalak qilsa yaxshi. U vitaminlarga boy. Ya'ni tarkibida juda ko‘p ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lgan minerallar va vitaminlar bor. Ilgari insonlar buni bekorga tayyorlashmagan. U kuchli taom hisoblanadi. Uni iste'mol qilgan odamda quvvat paydo bo‘ladi.

Ammo, shu o‘rinda xalqimiz orasida keng tarqalgan ayrim bid'at va noto‘g‘ri tushunchalar ham bor va ularni hanuz uchratish mumkin. Xususan, sumalak pishirsang jannatga kirasan, yettita tosh tashlasang undoq, buni qilsang mundoq, bularning barchasi behuda, ahmoqona gaplardir. Sumalak bilan shavla va palovning hech qanday farqi yo‘q. Hammasi taom hisoblanadi. Bo‘ldi, uni ilohiylashtirish kerak emas. Ba'zilar holvaytar qilish kerak, deyishadi. Ilohiy taom bo‘lmaydi, taom Allohning bergan ne'matidir. Har xil gap bor-ku, masalan xotinlarning qatlama qilish kerak, u qilish kerak, bu qilish kerak, degan gaplarini eshitib qolamiz. Bularning barchasi bid'at gaplar, gunoh gaplar. U (sumalak) ovqat, bismilloh aytib yeysiz, quvvat bo‘ladi, tamom.

Tug‘magan xotinlar kovlasa farzandli bo‘lar ekan, degan ishonch ham quruq safsatadan boshqa narsa emas. Farzandni Alloh beradi, sumalak bermaydi. Bu kabi ishlarni qilishdan saqlanish kerak. Ba'zan shunday holatlarga duch kelinadiki, yetti marta kovlasang gunohing kechiriladi, deyishadi. Ellik marta kovlasang ham kechirilmaydi, tavba qilsang kechiriladi. Pishirib, tayyorlash mumkin. Ammo, taomni ilohiylashtirish kerak emas”, - deydi Anvar qori Tursunov.

Shunday ekan, aziz dindosh o‘quvchi, xulosa o‘zingizdan!

Mavzuga oid