Jahon | 10:19 / 19.03.2017
6850
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Meksika chegarasida devor qurishga 200 kompaniya qiziqish bildirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika chegarasida devor qurishga 200 kompaniya qiziqish bildirayotganini aytdi. 

"Bizda devor qurish bo‘yicha tanlovda 200 ishtirokchi bor. Fikrimcha, biz a'lo darajadagi narxlar va loyihani olamiz", deb aytgan Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida. 

Avvalroq AQSh chegara-bojxona xizmati o‘z saytida Meksika bilan chegarada devor qurishda ishtirok etishni istovchi xususiy kompaniyalar uchun tanlov hujjatlarini chop etgandi.

"Devorning balandligi 18 futdan pastroq (5,5 metr) bo‘lgan loyihalar nomaqbul hisoblanadi", deyilgan hujjatlarda. Devor mukammal ko‘rinishda 30 fut (9 metrdan ko‘proq) balandlikka ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, devor "salobatli ko‘rinishga ega bo‘lishi " va AQSh tomondan "ko‘zga yoqimli rangga bo‘yalishi" lozim. 

Devorning mustahkamligi shunday bo‘lishi kerakki, unda 12 dyuymdan (30,5 santimterdan) enliroq teshik ochish uchun kamida bir soat vaqt ketishi kerak. Ta'kidlanishicha, devor bir soat ichida kuvalda, kirka, iskana, avtomobil domkrati va qo‘l avtogeni kabi asboblar bilan ta'sir qilishga bardoshli bo‘lishi kerak. 

Devor ko‘rsatkichlari undan oshib o‘tish yoki ostidan tunnel qazishga yo‘l bermasligi lozim.

Donald Tramp saylovoldi kampaniyasida noqonuniy migratsiyaning oldini olish uchun Meksika bilan chegarada devor qurishga va'da bergandi. Uning fikricha, devorni qurish uchun Meksika haq to‘lashi lozim, biroq Meksika hech qachon buni qilmasligini aytgan. 

Hozircha devor qurilishi amerikalik soliq to‘lovchilar hisobidan amalga oshiriladi: 2017 yilda uning qurilishiga 1,5 mlrd dollar ajratish rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid