Jahon | 16:08 / 19.03.2017
11570
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Germaniyani davlat to‘ntarishini qo‘llab-quvvatlashda aybladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning matbuot kotibi Ibrohim Kalinning aytishicha, Germaniya maxsus xizmatlari Fathulloh Gulenning Turkiyadagi harbiy davlat to‘ntarishiga aloqadorligini tan olishni istamayotgani, bu davlat ushbu tashkilotni qo‘llab-quvvatlashini anglatadi. Bu haqda Reuters xabar tarqatgan.

Bundan oldinroq Germaniya Federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kall Gulen va uning tarafdorlari Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorligini isbotlaydigan bironta dalil yo‘qligi haqida gapirib o‘tgandi.

«Turkiya bor imkoniyatlari bilan bizni bunga ishontirish uchun urinmoqda. Ammo ular bunga muvaffaq bo‘lishmadi», — degan Kall.

Kalin uning bayonoti GFR Turkiyada davlat to‘ntarishi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashidan darak berishi haqida gapirgan.

«Ular biz taqdim etgan ma'lumotlarni yo‘qqa chiqarmoqchi. Nega ular gulenchilarni himoya qiladi? Chunki bundan manfaatdorlar va Germaniya bu kuchlardan Turkiyaga qarshi foydalanishi mumkin», — degan Erdo‘g‘anning matbuot kotibi.

Germaniya va Turkiya munosabatlarida navbatdagi taranglik GFR hududida turk vazirlarining tashviqot marosimlari o‘tkazishiga ruxsat bermagani ortidan yuzaga keldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid