Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada ajoyib savatlar to‘qiydigan hunarmand borligini bilasizmi?
Erkin bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tishda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga samarali ta'sir ko‘rsatadigan oilaviy biznes muhim o‘rin tutadi. Tadbirkorlikning ushbu turi ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan urf-odat va an'analar, hunarmand-ustalarning mahorati bilan chambarchas bog‘liqdir.

Farg‘ona viloyatining Quva tumanida istiqomat qiluvchi Sherzod Mirzayev bir necha yillardan buyon savat to‘qish bilan shug‘ullanadi. Uning qo‘l mehnati mamlakatimizning har bir xonadoniga kirib borgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘qima savatlar bejirim, tabiiy mahsulot bo‘lib, ayni paytda foydalanish uchun qulay va narxi arzondir. Odamlar qadimdan bunday uy anjomlaridan foydalanib kelgan. Bugungi kunda ham savatlar o‘z xaridoriga ega, asosiysi, mustahkamligi bois bir necha avlodga xizmat qiladi.
Tol daraxtining saralangan novdalarini doshqozonda qaynatib, so‘ng ularni oftobda obi-tobida quritish, ulardan bejirim savatlar to‘qish ustaga katta zavq bag‘ishlaydi. U to‘qigan katta-kichik, pishiq, ro‘zg‘orbop, shuningdek, sovg‘abop savatlar hech kimni befarq qoldirmaydi.

Otameros hunar bilan ro‘zg‘or tebratib, daromad topayotgan Sherzod qishlog‘idagi ko‘plab yoshlarni shogirdlikka olib, mahorat sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Ishni samarali tashkil qilish uchun ularga barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. O‘z egasini kutib turgan bejirim mahsulotlar e'tiborni tortadi. Bu yerga tashrif buyurgan odam estetik zavq oladi, kayfiyati ko‘tariladi.

Nafis, o‘ziga xos, ekologik toza va yengil to‘qima uy anjomlari xonaga qulaylik va ko‘rk baxsh etadi. Ushbu savatlar nafaqat o‘zbekistonliklarni, balki xorijliklarda ham katta qiziqish uyg‘otgan. Hunarmand yaratgan bu maxsulotlar xorijliklar tomonidan o‘tkaziladigan turli ko‘rgazmalarni bezab turganini ko‘rishimiz mumkin. Bir qarashda savatlarni to‘qish oson ishdek tuyuladi. Aslida bu hunarni egallash uchun katta qiziqish kerak bo‘ladi, savatning turli shakldagi har bir detalini tayyorlashda katta e'tibor va sabr talab etiladi.
Xalqimiz tomonidan yuksak qadrlanadigan bunday savatlarning betakror bo‘lishiga qo‘l mehnati bilan erishiladi. To‘quvchi talab etiladigan xomashyoni mahalliy xonadonlardan xarid qiladi, ayrim novdalarni esa o‘zi o‘stiradi. Sherzod Mirzayevning istiqbol rejalari yanada ulkan ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, sohaga qiziqqan yoshlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Eng muhimi, hunarmand davlatimizning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishiga qat'iy ishonadi.
Ahror Ziyo, Farg‘ona
Mavzuga oid
08:24 / 04.06.2026
Farg‘onada membranali suv havzasida bir kishi cho‘kib ketdi
16:15 / 23.05.2026
“Maqsad sari” shina tortgan bola: uning otasiga chora ko‘rilishi mumkin
08:24 / 20.05.2026
Farg‘ona va Namanganda yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi
11:41 / 19.05.2026