Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rimda YeIning 60 yillik yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi
Bugun 25 mart shanba kuni YeIga a'zo 27 davlat Rimda tashkilotning 60 yilligiga bag‘ishlangan yubiley sammitini o‘tkazadi. Unda Brexit jarayoni yakunlangach, YeIning ustunliklariga doir deklaratsiya imzolanishi kutilmoqda. Imzolash marosimi Kapitoliy tepaligidagi Konservatorlar saroyida bo‘lib o‘tadi. 1957 yilda shu yerda YeI asoschilari hisoblanuvchi 6 mamlakat Yagona Yevropa sari qadam tashlagan edi.
Yevroittifoqning qayd etishicha, yubiley sammiti — bu bayram uchrashuvidir. Shu boisdan, uning yakunida Rim deklaratsiyasi qabul qilinadi, xolos. Bu hujjatda YeIning Buyuk Britaniyadan tashqari barcha a'zolarining iqtisoddan tortib siyosatgacha bo‘lgan sohalar bo‘yicha ittifoq kelajagiga doir qarashlari aks etadi.
Ta'kidlanishicha, sammitga tayyorlanish chog‘ida YeIning kelgusida integratsiya darajasiga doir masala turli qarashlarga sabab bo‘lgan. Yevrokomissiya anjumandan 3 hafta avval, Britaniyasiz YeIning kelajagiga doir besh ssenariyni taqdim etdi. Ya'ni:
- hozirgi siyosatni davom ettirish va mushkul masalalar yuzasidan yechimni topish;
- yagona bozorni saqlab qolish va boshqa masalalarda davlatlarning mustaqil siyosat yuritishiga imkon berish;
- ayrim mamlakatlarning ba'zi masalalarda –integratsiyasini chuqurlashtirishi bilan hozirgi siyosatni davom ettirish;
- tanlangan sohalarda a'zo mamlakatlar integratsiyasini chuqurlashtirish;
- barcha masalalarda integratsiyani chuqurlashtirishdir.
Ekspertlar uchinchi qoidani "tezkor Yevropa" deb atashgan. Uni Fransiya, Germaniya va Benilyuks mamlakatlari (Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg) ma'qullamoqda. Bu qoida 1997 yilgi Amsterdam shartnomasidan boshlab YeIning barcha asosiy hujjatlarida mavjuddir. Aynan shu qoida asosida yevro hududi va Shengen hududi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Biroq, Sharqiy Yevropa mamlakatlari, jumladan Chexiya, Polsha, Slovakiya va Vengriya bu qoidani deklaratsiyada yodga qolishga qarshi chiqishdi. Ularning fikricha, mazkur qoida G‘arbiy Yevropa davlatlariga ayrim a'zo davlatlar ishtirokisiz ham ular uchun qaror qabul qilish imkonini beradi.
Rim deklaratsiyasi esa, mazkur masala bo‘yicha yakuniy xulosaga kelinganini ko‘rsatishi kerak.
Rim shahri ham sammitga tayyor. Garchi italiyaliklar Yevropaning yirik anjumanlarini tashkil etish borasida unchalik ham katta tajribaga ega bo‘lmasalar-da, Rim shahridagi xavfsizlik choralari avvaldan kuchaytirildi. Bu yerda so‘nggi marotaba, shunday yirik tadbir 2004 yilda YeI yagona konstitutsiyasini imzolash marosimi munosabati bilan o‘tkazilgan edi.
Shahar markazining ikki hududida xavfsizlik chegarasi belgilangan. Biri Rim deklaratsiyasi imzolanadigan Kapitoliy tepaligi, ikkinchisi Italiya prezidenti Serdjo Mattarellining Kvirinal saroyi atrofidadir. Bu yerda u Yevropa mamlakatlari yetakchilariga tushlik beradi.
Shu bilan birga, xabarlarda ta'kidlanishicha, ko‘plab sayyohlar Rimning qoq markazidagi 12ta madaniy yodgorliklarni shu kuni tomosha qila olishmaydi. Xususan, Kolizey, Rim forumi, Palatin, Troyan forumi va Neronning "Oltin uy"i shular jumlasidan.
Sammit kuni, ya'ni bugun 25 mart kuni Rimda 6ta yirik namoyish bo‘lib o‘tadi. Ularni YeI tarafdorlari va tashkilotni xohlamaydiganlar o‘tkazadi. Ularda 25 ming kishi ishtirok etishi kutilayapti. Italiya hukumati Londondagi qo‘poruvchilikdan so‘ng, nafaqat tartibsizlik, balki terrorchilik tahdididan ham xavotirlanmoqda. Shu munosabat bilan, mamlakat IIV boshlig‘i Marko Minniti payshanba kunidan boshlab odamlar ko‘p to‘planadigan hududlar va mashhur diqqatga sazovor joylarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish vazifasini topshirdi.
Rim markazidagi tartibni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 5 ming xodimi ta'minlaydi. Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda 100 videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Uylarning tomlarida snayperlar navbatchilik qiladi. 24 martdan shaharning 10 km radiusdagi osmonida parvozlar taqiqlangan.
Aslida sammit mehmonlari ishtirokidagi marosimlar 24 martdan boshlangan. Yevroparlament raisi yevropalik siyosatchilar delegatsiyasi bilan birga zilziladan talofat ko‘rgan Norcha shahrini borib ko‘rdi. Keyinroq, Italiya bosh vaziri Paolo Djyentiloni Yevropa biznesi va kasaba uyushmalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Rim deklaratsiyasini imzolash bo‘yicha marosim Konservatorlar saroyining Goratsiylar va Kuriatsiylar zalida bo‘lib o‘tadi. Bundan roppa-rosa 60 yil muqaddam, 1957 yil 25 martda aynan shu yerda Yevropa iqtisodiy hamjamiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan edi. Keyinchalik bu shartnomaga qo‘shilgan davlatlar soni ortib, YeIga aylandi.
Mavzuga oid
09:45 / 16.06.2026
Ukraina va Moldova YeI a’zoligi sari yana bir qadam tashladi
08:58 / 04.06.2026
Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi yo‘lida muhim qadam tashlandi
19:55 / 29.05.2026
Yevropa Ittifoqi Temu’ni 200 mln yevro jarimaga tortdi
08:47 / 28.05.2026