XAMAS Isroil chegarasidagi yagona o‘tish joyini yopib qo‘ydi
G‘azo sektorida hukmronlik qiluvchi XAMAS harakati o‘zining yuqori lavozimdagi faoli o‘ldirilgandan keyin Isroil chegarasidagi o‘tish joyini yopib qo‘ydi. Bu haqda mahalliy ichki ishlar vazirligi vakili Iyod al-Buzom ma'lum qildi.
Jismoniy shaxslarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan yagona o‘tish joyi "Erez" (falastincha nomlanishi "Bayt-Xanun") noma'lum muddatga o‘z ishini to‘xtatgan. Qolgan nazorat-o‘tkazish punktlari tijorat maqsadida va gumanitar yuklarni o‘tkazish uchun qo‘llanadi.
"Gazo sektori ichki ishlar vazirligi G‘azo sektori va Isroil o‘rtasidagi "Bayt-Xanun" o‘tish joyini noma'lum muddatga yopdi. Bu qaror Mazen Fukax o‘ldirilgandan keyin xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida qabul qilingan", deb aytgan al-Buzom.
24 mart kuni noma'lum kimsa Fukaxni G‘azodagi uyi ostonasida otib ketgan. XAMAS o‘z a'zosining o‘ldirilishiga javobgarlikni Isroil maxsus xizmatlari zimmasiga yuklagan. Fukax Isroilda terrorchilikda ayblov bilan 9 ta umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan bo‘lgan. U 2011 yilda mingdan ko‘proq falastinlik mahbusni G‘azo sektori jangarilari tomonidan asirda ushlab turilgan tankchi Gilad Shalitga almashish natijasida ozodlikka chiqqan.
"Erez" o‘tish joyidan xorijiy siyosatchilar, diplomatlar, gumanitar xodimlar, jurnalistlar va G‘azo sektoridan o‘qish yoki davolanishga chiqishiga ruxsat beriladiganlar foydalanadilar.