Jamiyat | 17:25 / 27.03.2017
16556
6 daqiqa o‘qiladi

Bir film mushohadasi: bilgan narsaga amal qilmaslik xorlikka yetaklaydi

Ko‘pchilikka tarixdan ma'lumki, Vatanimiz hududiga islom dinining kirib kelishi, bu hududda ilm-fanning rivojiga zamin hozirlagan edi. Yangi dinning kirib kelishi bu hududda yashovchi xalqlarning taraqqiyotiga juda katta ta'sir ko‘rsatdi. Xususan, IX-XII asrlardagi Sharq uyg‘onish davrining yuzaga kelishida islom dinining ta'siri kuchli bo‘lganligini o‘sha davrning islom dini markazlari bo‘lgan Damashq, Bag‘dod, Qohira shaharlarida ilm-fan rivoji uchun barcha sharoitlarning yaratilganligi bilan asoslash mumkin. 

Ammo keyinchalik XVII-XVIII asrlar boshlab, vatanimiz hududida ilmsizlik avj oldi, bu esa oxir-oqibat o‘lkamizning Chor Rossiyasi tomonidan zabt etilishi uchun qulay sharoitni yuzaga keltirgan edi. Xalqimizning ilm bebaho kuch ekanligini tushinishi va his etishi uchun bir asrdan ziyod vaqt ketdi. Yaqinda “Yoshlar” teleradiokanali orqali efirga uzatilgan, Eron kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan, “Budda uyatdan yiqildi”, deb nomlangan film ham aynan ilmsizlikning vujudga kelish sabablari hamda uning oqibatlari haqidagi falsafiy badiiy filmdir. Mazkur filmning milliy telekanallar orqali namoyish etilganligi juda quvonarlidir, lekin bu filmni tamosha qilganda O‘zbekiston va Afg‘onistondagi yoshlarning ta'lim olishlari uchun yaratilgan sharoitlarni baholash yoki qiyoslash unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmas edi nazarimda. Chunki bu filmda butun bir hududning ilmsizlik natijasida qanday vayrona yurtga aylangani, juda ayanchli ahvolda ekanligi ko‘rsatib berilgan.

Agar e'tibor qaratadigan bo‘lsak film Afg‘onistonning Bamiyon vodiysida joylashgan dunyodagi eng katta budda haykalining 2001 yil o‘sha paytdagi toliblar yetakchisi Muhammad Umar buyrug‘iga ko‘ra portlatilish sahnasi bilan boshlanadi. Aynan mana shu sahna filmning kulminatsion nuqtasidir. Nimaga? Chunki insonning o‘zi yasagan narsaga o‘zi sig‘inishi na yomonlik va na yaxshilik qilishi mumkin bo‘lgan toshga topinishi bu haqiqiy nodonlik va katta gunohdir. Lekin asosiysi bunda ham emas. Misli ko‘rilmagan kattalikdagi haykalni tabiiy tog‘ sharoitida yasash uchun insonga qancha mukammal bilim va ko‘nikmalar kerak bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring. Ya'ni, o‘sha hududda bundan 15 asr avval yashagan aholi bunyod etgan bu ulkan xaykaldek mustahkam obidani bugun bu hududda yashayotgan xalq yarata olarmikin? 

Kinodagi birinchi xulosa shu yerda namoyon bo‘ladi. Agar inson dunyoni to‘ldiradigan bilim egallasa va mazkur ilm iymonga bo‘y sundirilmasa to‘plangan bilim jaholatga xizmat qilishini, ya'ni bunday bilim budda yoki boshqa nomdagi majoziy “bud”larni o‘rtaga chiqarib insonlarni gunohga botirishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, insonning “mukammal bilimi” asosida yasalgan haykal insonning “mukammal johilligi” asosida portlatilishidir. Ya'ni har qanday va har qaysi joydagi ilmsizlik oxir-oqibat shirkka olib kelishi to‘g‘risidagi xulosani beradi. Qishloqdagi ilmga bo‘lgan munosabtga e'tibor bering va bir vaqtning o‘zida budda jismonan yo‘q qilingan bo‘lsada, uning yonidan ketish yo‘lini topa olmay xalak bulayotgan insonlarga e'tibor qarating. 

Ko‘cha bezori bolalar filmdagi insonni o‘ylashga majbur qiladigan masalalardan biridir. Maktab ko‘rmagan, qo‘lidagi tayoqlarni mukammal qurol deb biladigan, buddaga qarab hukm qiladigan, o‘zining birodarlari va singillarini josus deb o‘limga hukm qiladigan va o‘zlari chiqarayotgan hukmlarni Allohdan deb biladigan taqlidchi bolalar bizlarga kimlarnidir eslatganday bo‘ladi.    

Baxtoy personaji bu ramziy “ilm” timsolidir. Uning naqadar nochorligi, himoyaga muhtojligi shu bilan birga hamisha kurashga tayyorligi filmning asosiy nuqtalaridan biridir.

Bundan tashqari, filmda “Bir insonning daraxt tagida uxlaganligi va uning boshiga yong‘oq tushganligi va u kishining yaxshiyam daraxtda qovoq o‘smaganligi, agar qavoq o‘sganda o‘lgan bo‘lishi haqidagi falsafiy fikri qaytariladi. Bunday qarashning boshlang‘ich sinf kitobida keltirilishi biroz g‘alati. Lekin film ijodkorlari Alloh hakim zot ekanligiga urg‘u bermoqdalar. Ya'ni dunyoni mukammal qonun qoidalar asosida yaratilganligi va bu qonun qoidalar barcha uchun bir xil amal qilishini uqdirmoqdalar.

Agar kishi o‘qimasa, ilm egasi bo‘lmasa va unga amal qilmasa  gunohlar girdobida qoladi va bu gunohlar uni xorlikka yetaklaydi.

O‘zMU katta o‘qituvchisi Sodiq Xamid

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid