Jamiyat | 18:20 / 28.03.2017
9673
5 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorga hokimlikdan 179 mln. so‘mdan ortiq zarar undirib berildi

Yaxshi niyat bilan ish boshlagan tadbirkorlar faoliyatsizligining asosiy sabablari nimada? Ular faoliyatini talablar darajasida tashkil etish uchun nimalar qilish kerak?
Qarshi shahrida O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Qulay ishbilarmonlik muhiti - tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishning muhim omili” mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatida bozor infratuzilmasi hisoblangan – tijorat banklari, konsalting, marketing, injiniring, lizing va sug‘urta tashkilotlari, mutasaddi mahalliy davlat hokimiyati organlari ishtirokida vohadagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining o‘z faoliyatini tugatish va to‘xtatganlik sabablari atroflicha muhokama qilindi. 

-Tadbirkorlik sub'yektlari uchun qator qulayliklar yaratildi, - deydi viloyat Statistika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Ovlaqulov. – Ilgari kichik korxona va firmalar yiliga to‘rt marotaba statistik hisobot topshirgan bo‘lsalar, endilikda bir marta topshirishayapti. Statistika tizimida 65 turdagi davlat statistika hisobotlari shakli qisqartirilib, 23 ta hisobotning taqdim etish davriyligi uzaytirildi. 2017 yil 1 yanvar holatida viloyatimizda ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub'yektlari soni 14 ming 327 ta bo‘lib, shundan 853 tasi faoliyat ko‘rsatmayapti. Mazkur tadbirkorlik sub'yektlariga amaliy yordam berish maqsadida o‘tgan ikki oy mobaynida o‘rganilib, 36 tasining faoliyati qayta tiklandi. 31 tasi esa “istiqbolsiz” deb topilib, faoliyati tugatishga berildi. Ular faoliyatsizligiga moliyaviy mablag‘larning yetarli emasligi, tayyorlayotgan mahsulotiga bo‘lgan talabning kamligi, soliq va majburiy to‘lovlardan qarzdorligining mavjudligi, xom ashyo yo‘qligi, ishlab chiqarish uskunaliring eskirganligi, bino va yer maydoni mavjud emasligi va boshqa muammolar sabab bo‘lmoqda.
Biroq mavjud imtiyoz va sharoitlardan foydalanishda yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas.

-Men rahbarlik qilayotgan korxona bilan “Qarshipaxtasanoattrans” MChJ o‘rtasida 2016 yili korxonamda mavjud bo‘lgan “ISUZI” mikroavtobusi va “Zil -130” rusumli yuk tashish hamda “Kobalt” rusumli yenggil avtomashinalar bilan texnik xizmati ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma imzolangan, - deydi Muborak tumanidagi “Durjon tish davolash” xususiy korxonasi rahbari Oybek Boymirzayev. - Shartnoma shartlariga ko‘ra korxonamiz tomonidan “Koson paxta tozalash zavodi” AJning ishchi-xizmatchilarini tashish, inventar mahsulotlarni yetkazib berish, zavod mas'ullarini yengil avtomashina bilan korxona va tashkilotlarga olib borib-kelish xizmatlari bajarilgan. Shartnoma asosida ko‘rsatilgan texnika xizmati ishlari qiymati jami 119 mln. 361 ming 328 so‘mni tashkil qilgan.
Biz shartnoma shartlarini to‘liq bajargan bo‘lsak-da, “Qarshipaxtasanoattrans” MChJ shartnomaga asosan to‘lanadigan mablag‘ni bir yildan buyon to‘lamayapti. Bu haqida jamiyat rahbari va barcha mas'ullariga bir necha bor murojaat qildik, natija bo‘lmadi. Oqibatda korxonamiz faoliyatini kengaytirish maqsadida bankdan olingan 115 mln. so‘mlik kreditimizni to‘lashga qiynalab qoldik. Hozirgi kunda bankdan qarzdorligimiz 200 mln. so‘mdan oshib ketdi. Agar qarzimizni undira olmasak, korxonamiz faoliyati to‘xtatilib, barcha ishchi-xizmatchilarimiz ishsiz qolishi mumkin.

-Vohamizdagi tadbirkor va ishbilarmonlarga tanlagan loyihalari bo‘yicha texnologiyalar izlab topish, biznes rejalar ishlab chiqish, ta'sis hujjatlari tayyorlash, haq-huquqlarini himoyalash borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelayapmiz, - deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududidiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mansur Nazarov. – O‘tgan yili boshqarma tomonidan sudlarga 7 ming 154 ta da'vo arizalari kiritilib, 6 ming 506 tasi qanoatlantirilgan. Boshqarmamiz huzuridagi “Hakamlik sudi” tomonidan 2 mlrd. 886 mln. so‘mlik 22 ish ko‘rib chiqilgan. “Binokor” sho‘'ba korxonasi foydasiga xo‘jalik sudi tomonidan Qarshi shahri hokimligidan 179 mln. 116 ming 237 so‘mlik zarar undirib berildi.

Davra suhbatida tadbirkorlik sub'yektlari va fermerlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda, mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish uchun viloyatdagi soliq, bojxona, savdo-sanoat palatasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmalari vakillariga tegishliligi bo‘yicha o‘rganib chiqish uchun taqdim etildi.  Shuningdek, viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning haq-huquqlarini himoyalash borasida xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari a'zolari tomonidan yanada samaraliroq ish olib borish, tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish  zarurligi alohida ta'kidlab o‘tildi.  

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi
Matbuot xizmati

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid