Jahon | 07:48 / 29.03.2017
6165
2 daqiqa o‘qiladi

2 yil ichida Yaman hududining 80 foizi husiylardan ozod qilindi

Yamanda hukumat qo‘shinlarining "Ansorulloh" harakati jangarilari – husiylar va sobiq prezident Ali Abdulloh Salohning tarafdorlari bilan to‘qnashuvlari Saudiya Arabistoni boshchiligidagi xalqaro koalitsiya operatsiyalariga qaramay to‘xtamayapti. Operatsiya 2015 yil 26 martdan beri olib borilmoqda.

Yamanda "Qat'iyat bo‘roni" operatsiyasining 2-yilida minglab jangarilar yo‘q qilingan. Bundan tashqari, husiylar va Saloh tarafdorlari mamlakatning bir qator hududlari ustidan nazoratni qo‘ldan chiqarishgan.

2015 yil iyuldagi operatsiya natijasida husiylardan Adan shahri va uning atrofidagi aholi punktlari, 2016 yilda esa kichik, biroq strategik muhim shaharlar va hududlar ozod qilingan.  

Yaman hukumat qo‘shinlari koalitsiya kuchlari yordamida Yaman hududining 80 foizini husiylardan ozod qilgan. Shu bilan birga mamlakat poytaxti Sano, Al-Xudaydo va boshqa bir qator port shaharlari husiylar va Saloh tarafdorlari nazorati ostida qolmoqda.

Ular Sanodan tashqari, Zamar, Ibb, Al-Maxvit, Rayma, Amran, Saudiya Arabistoni bilan chegaradosh Sad, Xadja va Beyda viloyatini nazorat qilishmoqda.

Yamanning qonuniy hukumati mamlakatni Saudiya Arabistonidan turib boshqargan. U 2015 yilda Adanga ko‘chib o‘tgandan keyin, bu shahar Yamanning vaqtinchalik poytaxti deb e'lon qilingan. Hukumat Adanda bo‘lgani bilan u Yaman xavfsizligini ta'minlay olmayapti va iqtisodiyotini nazorat qila olmayapti.  

Ayni vaqtgacha hukumat qo‘shinlari va Xalq qarshiligi kuchlari 5 ming kishini yo‘qotgan. Shu vaqt ichida 15 mingdan ko‘proq husiylar va Saloh tarafdorlari yo‘q qilingan. 

Mavzuga oid