O‘zbekiston | 00:00 / 29.03.2017
11727
6 daqiqa o‘qiladi

Senat hisobot tingladi: 87 milliard so‘mga yaqin yetkazilgan zarar undirilgan

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N. Yo‘ldoshev olib bordi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2016 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitishga kirishdilar.

Hisobotda qayd etilganidek, 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2016 yildagi iqtisodiy dasturning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida Davlatimiz rahbarining ma'ruzasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan hisobot yilida nazorat ishlarining yillik Dasturi ishlab chiqildi va amalga oshirildi. O‘tgan yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda Senati, Vazirlar Mahkamasi va huquqni muhofaza qilish organlari bilan yaqin hamkorlikda 25 ta yo‘nalish bo‘yicha 131 ta obektda nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Hisob palatasi tomonidan 2015 yilgi Davlat byudjyeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi auditdan o‘tkazildi va baholandi, 2017 yilga mo‘ljallangan soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda Davlat byudjyetining loyihasi ekspertizadan o‘tkazildi. Hududlar miqyosida ham respublika Davlat byudjyetini shakllantirish va ijrosini ta'minlash nazorat qilindi, byudjyetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar misolida ulardan foydalanishning qonuniyligi, maqsadli yo‘naltirilganligi hamda samarali ekanligi tekshirildi.

Nazorat tadbirlarining natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va hokimliklarga 19 ta yozma ko‘rsatma yuborildi. Davlat byudjyeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar foydasiga 86 mlrd. 643 mln. so‘m miqdorida yetkazilgan zarar undirildi.

Bundan tashqari, hisobot davrida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati bilan hamkorlikda joylarda qonun hujjatlarining ijrosi, moliya-byudjyet intizomiga rioya etilishining ahvoli o‘rganildi. Samarqand viloyati mahalliy byudjyeti ijrosini o‘rganish natijalari xalq deputatlarining viloyat Kengashi sessiyasida har taraflama muhokama etildi. Uning ishida Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari faol ishtirok etdilar.

Hisob palatasi hisobotini ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra senatorlar uning faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirdilar.

Shundan so‘ng, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2016 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tingladilar.

Hisobotda qayd etilganidek, Markaziy bankning 2016 yildagi faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2015 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilangan vazifalarni hamda Markaziy bankning avvalgi hisobotlari yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlarida qayd etilgan vazifalarni so‘zsiz bajarishga qaratildi.

Bank tizimi kapitallashuvi darajasini oshirish, uning likvidligini va barqarorligini yanada mustahkamlash yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tijorat banklarining umumiy kapitali 20,2 foizga ko‘paydi va 9,35 trillion so‘mni tashkil etdi. 2016 yil yakunlariga ko‘ra bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi xalqaro Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan xalqaro standartlardan deyarli 3 baravar, uning likvidligi esa eng yuqori indikator baholardan 2 baravar yuqori bo‘ldi. Banklar depozitlari hajmining 25,2 foizga oshishi ta'minlandi, bu esa banklar aktivlari hajmlarining 23,3 foizga oshishiga olib keldi.

Hisobot yilida tijorat banklari tomonidan investitsiya loyihalarini bajarish uchun 12,2 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratildi, bu esa 2015 yilga nisbatan 1,2 baravar ko‘proqdir.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir kredit siyosati sezilarli darajada takomillashtirildi. Ularga davlatimiz tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 2015 yilga nisbatan 1,3 baravar oshdi va 15,8 trln. so‘mni, shu jumladan mikrokreditlar 3,3 trln. so‘mni tashkil etdi. Tijorat banklari tomonidan kollejlarning bitiruvchilariga o‘z biznesini tashkil etishi uchun qariyb 362,1 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar berildi, bu esa 2015 yildagidan 1,3 baravar ko‘proqdir.

2016 yilda bank tizimining faoliyati iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur'atlarini saqlashga va aholi farovonligi yanada oshirilishini ta'minlashga ko‘maklashdi. “Mudis” reyting agentligi surunkasiga yetti yildan beri O‘zbekiston bank tizimiga “barqaror” reytingi bahosini bermoqda.

Hisobotni muhokama etish chog‘ida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taliflar va tavsiyalarni bildirdilar. Xususan, bank-moliya tizimining barqarorligini saqlash, omonatchilar, qarzdorlar va kreditorlar manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash maqsadida banklar va boshqa moliyaviy muassasalar faoliyatini nazorat qilish samaradorligini oshirishga doir ishlarni kuchaytirish tavsiya etildi. Uy xo‘jaliklariga mamlakat aholisini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish uchun imtiyozli mikrokreditlar berish, respublika hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilayotgan loyihalarni moliyalashtirish ko‘lamlari va hajmlarini kengaytirish borasidagi ishlarni ko‘chaytirish lozimligi qayd etildi. Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda, 2017 yilning yanvar oyida Hukumatning kengaytirilgan majlisidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ma'ruzalarida bank tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini ta'minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta'kidladilar.

Hisobotlarni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra Oliy Mjlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid