Jamiyat | 19:36 / 30.03.2017
35448
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bir haftada 9ta fohishaxona yopilib, 24 fohisha qo‘lga olindi

Toshkent shahri militsiyasi fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish, fohishalik bilan shug‘ullanishning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar o‘tkazishda davom etdi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi o‘tkazgan brifingda ma'lum qilinishicha, 22-30 mart kunlari davomida Toshkent shahrida 9ta fohishaxona saqlash va qo‘shmachilik qilish jinoyatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, fohishalik bilan shug‘ullanib kelayotgan 24 nafar shaxs qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mart oyida, o‘tgan ikki hafta davomida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida Toshkentda qo‘lga olingan fohishalar soni 60 nafardan ortdi.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi tartibida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Bu moddaga ko‘ra, fohishaxona ochish yoki saqlash, shuningdek g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qo‘shmachilik qilish — eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda, takroran, xavfli retsidivist yoki ushbu Kodeksning 135 yoki 137-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, 6 oygacha qamoq yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ma'lumot uchun, eng kam oylik ish haqi miqdori - 149 775 so‘m.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid