O‘zbekiston | 14:39 / 31.03.2017
32032
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimi Shahrixonga yangi rahbar tayinladi

Bugun, 31 mart kuni Andijon viloyati Shahrixon tuman xalq deputatlari Kengashining sessiyasi o‘tkazildi. Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirok etgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Hokim viloyatda olib borilayotgan islohotlar va uning zamirida aholi farovonligi, uning yashash tarzini yuksaltirish masalasi yotgani haqida ma'ruza qilgan.

Majlisda ishtirok etgan «Kun.uz» manbasining ma'lumot berishicha, tuman hokimi Soliyev Odiljon ishdan olinib, uning o‘rniga shu vaqtgacha Paxtaobod tumanini boshqarib kelgan Hikmatullo Dadaxonov tayinlangan.

Dadaxonov Hikmatullo Vahobovich 1976 yilda tug‘ilgan, 1998 yilda Andijon qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan.

1998 yilda Andijon viloyati Izboskan tumanida chorvachilik bo‘limi ishchisi sifatida faoliyatini boshlagan Dadaxonov 2009-2015 yillarda Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari, 2015 yildan boshlab esa Paxtaobod tumani hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Ma'lumot uchun, Shahrixon tumani respublikadagi aholi eng zich yashaydigan ikki tumandan biri hisoblanadi (Aholining o‘rtacha zichligi 1 km2 ga 680 kishi).

Mavzuga oid