Jamiyat | 10:34 / 01.04.2017
9074
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyalik olimlar tadqiqotlar maqsadida 333 ta kitni nobud qildilar

Yaponiyaga qarashli kit ovlovchi kemalar Antarktikada hukumat tomondan qo‘llab-quvvatlanuvchi ekologik tadqiqotlar dasturi doirasida 333 ta kichik polosatik kitini o‘ldirgan. Bu haqda 31 mart kuni ABC News telekanali ma'lum qildi.  

Ekspeditsiya 4 oy davom etgan va unda 5 ta kit ovlovchi kema ishtirok etgan. Uning maqsadi kitlarni ovlashga kvotalarni aniqroq hisoblash va Antarktika dengiz ekotizimi haqida ko‘proq ma'lumot olish uchun "biologik namunalar" olishdan iborat bo‘lgan. Associated Press axborot agentligining ma'lum qilishicha, avvallari bunday harakatlarga qarshi chiqqanlar bu gal tadqiqotga jiddiy qarshilik ko‘rsatishmagan. 

Kitlarni foyda olish maqsadida ushlash kit ovlashni tartibga solish haqidagi xalqaro konvensiyaga ko‘ra taqiqlangan. Biroq shu bilan birga 1987 yildagi xalqaro kelishuvga ko‘ra "kitlarda ularning o‘lishi ehtimoli bo‘lgan tadqiqot o‘tkazishga" ruxsat berilgan. Rasmiy Tokio qonun doirasida harakat qilayotganini aytmoqda, biroq vaqti-vaqti bilan tabiat qo‘riqchilari e'tiboriga tushmoqda: faollar Yaponiyani "tadqiqot maqsadlari" bahonasida kit ovlashda ayblamoqdalar. Ularning aytishicha, tadqiqot maqsadida ovlangan kitlarning go‘shtlari do‘konlarda sotilmoqda.

2014 yilda Gaaga sudi Antarktikada kit ovlashni taqiqlagan. Yaponiya bunga javoban reja tayyorlab, unda kitlar ovlanishini uchdan bir qismigacha, ya'ni 333 ta kitgacha kamaytirish hamda kitlar o‘ldirilishini talab qilmaydigan ilmiy izlanishlarni kengaytirishga va'da bergan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid