Jahon | 09:45 / 01.04.2017
7097
3 daqiqa o‘qiladi

Paragvayda namoyishchilar parlament binosini yoqib yuborishdi

Mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritishga qarshi fikr bildirayotgan namoyishchilar Paragvay poytaxtidagi Kongress binosiga o‘t qo‘yishdi. Bu haqda Ultima Hora o‘z saytida xabar qilmoqda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar amaldagi prezidentni ikkinchi muddatga qayta saylanishiga ruxsat berishni ko‘zda tutadi.

Uning yozishicha, Kongressning birinchi qavati alanga domida qolgan. O‘t qo‘yish vaqtida bino ichida odamlar bo‘lgan. 

Paragvay prezidenti Orasio Kartesning bayonot berishicha, Kongress binosiga o‘t qo‘yganlar ortida respublikadagi demokratiyaga qarshi turuvchi kuchlar bor. 

"Kongress binosidagi yong‘in siyosat va OAVlariga kiritilgan paragvayliklar guruhi o‘z maqsadlariga yetish uchun barcha narsaga tayyorliklarini ko‘rsatadi. Ular – mamlakatdagi demokratiya, siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni izdan chiqarishmoqchi", - deyiladi davlat rahbari bayonotida. 

Prezident, shuningdek, "fuqarolarni tinchlikni saqlashga va zo‘ravonliklarni targ‘ib qilayotganlar ortidan yurmaslikka" chaqirgan. "Ishonchingiz komil bo‘lsin, hukumat mamlakatda tartibni saqlash uchun barcha choralarni ko‘radi", - degan Kartes.

Prezidentni qo‘llab-quvvatlovchi 25 nafar senator davlat rahbari va vitse-prezidentga ikkinchi muddatga saylanish huquqini beruvchi qonun loyihasini ma'qullaganidan so‘ng, Kongress binosiga o‘t qo‘yilgan edi. Ovoz berish chog‘ida 45 o‘rinli yuqori palataning boshqa a'zolari va uning raisi Roberto Asevedo qatnashmagan. 

Politsiya rezina o‘qlar va suvpurkagichlardan foydalangan holda namoyishchilarni tarqatishga uringan. Bunga javoban, tartibni saqlash kuchlari toshbo‘ron qilingan. Tartibsizliklar oqibatida jabrlanganlar borligi aytilmoqda. 

Senat tashabbusi yaqin orada Deputatlar palatasi tomonidan muhokama qilinadi. Bu yerda ham aksariyat prezident tarafdorlari hisoblanadi. Qonun davlat rahbari tomonidan imzolansa, Paragvayda referendum bo‘lib o‘tadi. Uning natijasiga ko‘ra, prezident ikkinchi muddatga saylanish imkoniga ega bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga oydinlik kiritiladi. 

 

Mavzuga oid