Light | 15:50 / 02.04.2017
26918
3 daqiqa o‘qiladi

Xodimlaringizni qancha ko‘p maqtasangiz, shuncha yaxshi natijaga ega bo‘lasiz

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nima uchun salbiy suhbatlar va tanbehlar ijobiylariga nisbatan bizni ko‘proq ta'qib etadi? Harvard Business Review'da shu mavzudagi qiziq maqolasi bilan bo‘lishdi.

Rahbariyat tanqidi, hamkasblar bilan bahslashuvlar, do‘stlar bilan kelishmovchiliklarni anchagacha unuta olmay yuramiz. Maqtov eshitib, hamjihatlikda ishlagan oy-kunlarimizni esa tezda yoddan chiqaramiz. Agar sizni dangasa, mas'uliyatsiz deyishsa, barcha ijobiy jihatlarni unutib, xafa bo‘lasiz va bu holat anchagacha sizni tark etmaydi. Sizning naqadar iste'dodli, halol ekanligingiz aytilgan yoki siz bilan faxrlanishlari tan olingan holatlarni esa unutish oson.

Manbada ta'kidlanishicha, bu ma'lum bir ma'noda kimyoviy reaksiyalarga bog‘liq ekan. Inson tanqid qilinganida, rad etilganida yoki qo‘rqqanida organizm katta miqdordagi kortizol (miyaning fikrlovchi qismini kesib, o‘z-o‘zini himoya qilish va mojarolarni chetlab o‘tishga qaratilgan xulq-atvor turlarini faollashtiruvchi gormon)ni ishlab chiqaradi. Inson yanada ta'sirchan bo‘lib qoladi va salbiy omillarga keskin reaksiya bildiradi. Unga suhbatdoshining so‘zlarida katta dushmanlik kayfiyati seziladi, hatto bu haqiqatdan yiroq bo‘lsa ham. Bunday ta'sir 26 soat davom etadi va yoqimsiz muloqot xotirada chuqur o‘rnashib qoladi, shu u bois bizning kelajakdagi xatti-harakatlarimizga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi. Biz bu haqida qancha ko‘p o‘ylasak, uning ta'siri ham shuncha uzoq bo‘ladi. 

Ijobiy sharh va yoqimli suhbat ham kimyoviy reaksiyani keltirib chiqaradi. Bunday munosabat organizmda oksitotsin (insonda muloqot hamda hamkorlik qilish va ishonch xususiyatlarini oshiruvchi yaxshi kayfiyat gormoni) ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi. Biroq gap shundaki, oksitotsinning metobolizm davri kortizoldan ancha qisqa, shuning uchun uning ta'siri ham u qadar kuchli va davomli emas.

Rahbarlarning har bir muloqotga e'tiborli bo‘lishi kerakligi "suhbat kimyosi" bilan izohlanadi. Kortizol darajasi oshadigan aloqa shakllari "muloqot intellektual darajasi"ning pasayishiga olib keladi - u C-IQ sifatida qayd etiladi - ya'ni unda inson ishga kirishish, yangicha fikrlash, hamdardlik, ijodkorlik, jamoada ishlashga tayyorlik xususiyatlarini yo‘qota boshlaydi. Oksitotsin ajralishiga sabab bo‘luvchi xatti-harakatlar esa C-IQ darajasini oshiradi. 

Mavzuga oid