Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish endi qulay, ishonchli va tejamkor
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Elektron hukumat markazi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Markaziy banki hamkorligida va BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir yangi tizim ishlab chiqildi.
Tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yangi tizim PQ-2646 va VMQ-66 hujjatlariga muvofiq 2017 yilning 1 aprelidan ishga tushirilib, buning natijasida biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmi to‘liq takomillashtirildi.
Mazkur tizimning asosiy afzal tomonlari shundaki, unda real vaqt rejimida ham yuridik shaxs maqomiga ega sub'yektlar, ham yuridik shaxs maqomini olmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z bizneslarini ochishlari mumkin. Xususan, sanoqli soniyalar davomida zaxiraga olingan firma nomlaridan ko‘pi bilan 5 tasini 60 kun muddatga tanlash mumkin. Shuningdek, avtomatlashtirilgan tizim tizimli ravishda shakllantirilgan ta'sis hujjatlarini olish, ro‘yxatdan o‘tish uchun davlat bojini to‘lash va guvohnoma olish imkonini beradi.
Qayd etish lozimki, bu tizim foydalanuvchilarni “1ID” orqali identifikatsiyalab, sizning shaxsiy ma'lumotlaringiz (pasport, STIR, elektron raqamli imzo va h.k.) tekshiriladi va kerakli tasdiq olinganidan so‘nggina biznesingizni ro‘yxatdan o‘tkaza olasiz.
Ta'kidlash zarurki, 1ID.gov.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish – kelajakda barcha elektron xizmatlarda joriy etiladigan yagona identifikatsiyalash tizimidir. Yangi tizim biznesni Vazirlar Mahkamasining 66-sonli qarorida belgilangan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi. Bular - yakka tartibdagi tadbirkorlar, MChJ, oilaviy tadbirkorlar va h.k.
Yaratilgan tizimdagi yangiliklardan biri to‘lov uchun imtiyozlardir. Agar siz biznesingizni real vaqt rejimida mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazayotgan bo‘lsangiz, belgilangan qiymatning 50 foizi to‘lanadi. To‘lovlar banklar orqali amalga oshiriladi, lekin vaqtni tejash uchun «UPay» to‘lov tizimi orqali onlayn to‘lash imkoniyati ham mavjud.
Muhimi, siz bosqichma-bosqich jarayon yordamida hukumat ma'lumotlar bazasida onlayn reyestr orqali ro‘yxatdan o‘tasiz. Guvohnomalar QR-kodlar bilan taqdim etiladi va bu tadbirkorlik sub'yektining haqiqiyligi, maqomi va barcha ma'lumotlarini tekshirish imkonini beradi. Eslatib o‘tamiz, barcha amaldagi tadbirkorlik sub'yektlari yangi namunadagi guvohnoma olish huquqiga egalar.
Ro‘yxatdan o‘tishdagi barcha bosqichlar – da'vogarga oid ma'lumotni olish, tashkiliy-huquqiy shaklni, firma nomini tanlashdan tortib, to guvohnoma olishgacha bo‘lgan jarayon – avtomatlashtirilgan. Qayd etish kerakki, faoliyat turini tanlashda Davlat statistika qo‘mitasining yangi klassifikatori qo‘llaniladi.
Tizimning farqi shundaki, yuridik shaxsni tashkil etishda birdan ortiq muassis ishtirok etgan taqdirda, har bir muassis ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan tadbirkorlik sub'yektining muassislar tarkibiga kirishga roziligini tasdiqlaydi. Bunda, har bir muassisga tasdiqlash uchun elektron xabar yuboriladi va muassis unga rozilik beradi.
Ushbu tizim elektron hukumat tizimiga to‘laqonli integrallashtirilgan bo‘lib, turli tashkilotlarning boshqa axborot tizimlari o‘rtasida ma'lumotlar almashish imkonini beradi. Masalan, mustaqil ravishda bank hisob raqami ochilganida tadbirkorlik sub'yekti haqidagi ma'lumotlardan foydalanish mumkin bo‘lib, barcha zarur ma'lumotlar avtomat ravishda Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasiga davlat ro‘yxatiga qo‘yish uchun yuboriladi.
Aytish lozimki, tizim ishga tushirilganidan 3 kun o‘tiboq taqdim etilgan arizalar soni 885 ga yetgan bo‘lib, ulardan 709 tasi shaxsan tashrif va 176 tasi onlayn arizalardir.
Biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi «SSP-MAROQAND» kompaniyasi tomonidan yaratilgan.
Dilfuza Ruzmetova
O‘zSSP axborot xizmati
Mavzuga oid
13:26 / 27.01.2022
Soliq muammolari: Tadbirkorlarga ayrim yengilliklar e’lon qilindi
19:41 / 25.01.2022
Marhamatda xususiy mulkka chang solinmoqda. Hokimlikka sudlar “ko‘maklashyapti”
12:22 / 23.11.2020
Andijonda eksportchi korxona gazdan uzildi. Tadbirkor eksport shartnomasini endi qanday bajaradi?
19:25 / 11.11.2020