Jamiyat | 20:52 / 03.04.2017
11402
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi muhtoj oilalarga moddiy yordam ko‘rsatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 martdagi 165-sonli farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi nochor oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Bu haqida "Norma.uz" saytida ma'lum qilindi.

Bir martalik moddiy yordam Komissiyaning fuqarolar yig‘inini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qaroriga muvofiq belgilanadi va yil boshida belgilangan eng kam ish haqining 2-5 martalik summasi miqdorida to‘lanadi.

Kimlarga moddiy yordam ko‘rsatiladi?

- o‘zgalar yordamiga muhtoj (mehnatga layoqatsiz kishilar, mehnatga layoqatli oila a'zolari bo‘lmagan) yolg‘iz fuqarolar va pensionerlar, boquvchisi nogiron bo‘lgan oilalar va aholining boshqa kam ta'minlangan toifasiga;

-  o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkonidan to‘liq yoki qisman mahrum I guruh nogironlari yoki og‘ir kasallikka uchragan kishilarga;

- yagona boquvchisini yo‘qotgan oilalarga (3 oy davomida);

- nogiron bola yoki oilaning I yo II guruh nogironi hisoblanuvchi yoki og‘ir kasallikdan aziyat chekuvchi, jarrohlik amaliyoti yo bo‘lmasa, moliyaviy xarajatlarni talab qiluvchi uzoq (5 oydan ortiq) ambulator muolajalariga ehtiyoj sezuvchi boshqa a'zosini to‘liq bo‘lmagan oilada parvarishlovchi ota yo onaga;

- ikki yo undan ortiq farzandi bo‘lgan, ota-onadan biri  I yoki II guruh nogironi hisoblangan, ikkinchisi esa bemorni parvarishlash tufayli mehnat faoliyatini yurita olmaydigan yoxud ota ham, ona ham  I yoki II guruh nogironi bo‘lgan to‘liq oilalar.

Moddiy yordam ko‘rsatishning sharti yuzaga kelgan qiyin hayotiy muammoni mustaqil hal qilishga imkon beruvchi moliyaviy daromadning yo‘qligidadir.

Qiyin hayotiy vaziyatlar tushunchasiga nimalar kiradi?

- mehnatga layoqatsizlik (I guruh nogironi)ni keltirib chiqargan yoki davolash muolajalari uzoq vaqt (5 oydan ziyod) davomida dori votsitalarini qo‘llash yoki jarrohlik amaliyotini talab qiluvchi og‘ir kasalliklar;

- turmush o‘rtoq, ota-ona, boquvchining o‘limi;

- tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar natijasida hayot, salomatlik va mol-mulkka ziyon yetishi.

Bir martalik moddiy yordam olgan oilalar to‘lov amalga oshirilganidan bir yil o‘tib mazkur turdagi yordamni so‘rab qayta murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu hujjatning to‘liq matni bilan "O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi" axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid