Jahon | 07:42 / 07.04.2017
15025
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy delegatsiyasiga Tramp qarorgohida joy yetmadi

Ko‘pchilik taajjubiga, AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Tszinpin bilan ilk uchrashuvi uchun Oq uyni emas, balki Floridadagi o‘ziga tegishli "Mar-a-Lago" maskanini tanladi. Ehtimol, Tramp bu qarori bilan bo‘lib o‘tajak muzokaralar taftini pasaytirishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin. Axir bir haftagina oldin u tvitterda Si Tszinpin bilan uchrashuvlar "juda murakkab" bo‘lishini aytib o‘tgandi.

Biroq, hozircha bir narsa murakkablik tug‘dirdi, xolos: Trampga qarashli maskanda Xitoydan  kelgan ko‘p kishilik delegatsiya uchun joy yetmadi. Shuning uchun maskanga sig‘maganlar yaqin oradagi mehmonxonadan xonalar olishlariga to‘g‘ri kelgan.

Xitoylik mehmonlarning kelishi uchun "Mar-a-Lago" o‘zgacha tarzda bezaldi. 

Suratlardan ko‘rinishicha, bir-birlariga tabassum ulashayotgan yetakchilar umumiy til topgan ko‘rinishadi. Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi, chunki uchrashuvning birinchi kunida hech qanday talablar qo‘yilmagan: faqatgina tanishuv, birgalikda sayr qilish va kechki ovqat tanovuli bo‘lib o‘tdi.

Yetakchilar uchrashuvida Trampning katta qizi Ivanka Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner ham ishtirok etdi.

Jurnalistlar Trampning Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashuvidan farqli o‘laroq, Tramp va Tszinpinning o‘nlab marotaba qo‘l siqib ko‘rishganini suratlarga muhrlashdi. 

Muzokaralar 7 aprelda boshlanadi. Ikki davlat yetakchisi savdo munosabatlari, Tayvan masalasi va Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturini muhokama qilishadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid