Jahon | 18:12 / 09.04.2017
18285
3 daqiqa o‘qiladi

Prodi: Amerika butun sayyoradagi siyosiy o‘yinni o‘zgartirib yubordi

Foto: RIA "Novosti"

Yevropa Ittifoqi (YeI) rahbarlari AQShning Suriyadagi aviabazaga qarata bergan raketa zarbalaridan keyin o‘zlarining hech qanday ahamiyatga ega emasliklarini tan olishlari kerak edi. Yevrokomissiyaning sobiq rahbari va Italiyaning sobiq bosh vaziri Romano Prodi shunday fikrda. Bu haqida Il Messaggero gazetasida xabar berildi. 

"Yevropa yetakchilari o‘zlarning hech qanday ahamiyatga ega emas ekanliklarini e'tiborga olishga majbur edilar va shu bois bu voqealar nimalarga olib kelishi borasida hatto minimal jamoaviy muhokama ham o‘tkazmay, olqishlar bilangina cheklanib qolishdi", - dedi mashhur siyosatchi.

Prodining fikricha, "Amerikaning Suriyadagi ayovsiz kimyoviy urushga reaksiyasi butun sayyoradagi siyosiy o‘yinni o‘zgartirib yubordi", holbuki bu harbiy operatsiyaning o‘zi yirik ko‘lamga ega emasdi. Sobiq bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, mazkur aksiyaning asosiy siyosiy jihati Rossiyani ogohlantirish bo‘lgan. 

"Bu mutlaqo ochiq-oydin ogohlantirish bo‘ldi: Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqdek nozik mintaqada Putin egallashga muvaffaq bo‘lgan rolni Rossiyaga shunchaki qoldirib qo‘ymasligiga ishora qildi", - deya ta'kidladi Yevropaning yetakchi siyosiy arboblaridan biri. 

Prodi yana bir jihatga diqqatni qaratdi - AQSh prezidenti Donald Tramp Moskvani raketa hujumidan ogohlantirgan, biroq "aynan Suriya bo‘yicha qaror qabul qilingan paytda Floridada mehmon bo‘lib turgan Xitoy raisi Si Tszinpinga nisbatan esa bunday yo‘l tutmagan". Uning fikricha, "Xitoy bu afrontni anchagacha eslab qoladi". 

Prodi shuningdek Tramp Suriyadagi raketa hujumidan keyin ichki siyosatda eng asosiy natijaga ega bo‘lgani -  "mag‘lub bo‘layotgan prezidentdan Amerikaning dunyoda yetakchiligini tasdiqlovchi bosh qo‘mondonga aylangan"iga ishora qildi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid