Jahon | 16:59 / 09.04.2017
12404
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyadagi terakt bo‘yicha 5 kishi qo‘lga olindi

Shvetsiya politsiyasi Stokholmdagi teraktga aloqadorlikda gumon qilingan 5 kishini ushlagan. Bu haqda politsiya vakillari maxsus matbuot anjumanida ma'lum qilishgan.

"Ayni vaqtda bu ish bo‘yicha qo‘lga olinganlar soni 5 nafarga yetdi", deya qayd etgan Stokholm politsiyasi vakili En Evensson.

U qo‘lga olinganlarning shaxsiga aniqlik kiritmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar tergovdan keyin qo‘yib yuborilishi ham mumkinligini aytib o‘tgan.

Evensson Stokholm terakti bo‘yicha yangi so‘rovlar o‘tkazilishini ma'lum qilgan.

"Tekshiruv ishlari davom etmoqda. Biz 500dan ortiq so‘rov o‘tkazdik", degan u.

Hozirgacha 7 aprel kuni yuk mashinasi orqali sodir etilgan terakt oqibatida qurbon bo‘lganlarning shaxslari aniqlangan. Ularning ikki nafari shvetsiyalik, biri buyuk britaniyalik va biri belgiyalik bo‘lgan. Ularning o‘limi haqida oila a'zolariga xabar berilgan.

7 aprel kuni Spendrups kompaniyasiga tegishli bo‘lgan o‘g‘irlab ketilgan yuk mashinasi Stokholm markazidagi Drottninggatan ko‘chasida odamlar ustiga haydaldi. Ushbu hodisa oqibatida 15 kishi jarohat olgan, ulardan 9 nafarining ahvoli og‘ir, 4 kishi halok bo‘lgan.

Terakt ishi bo‘yicha O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan 39 yoshli shaxs qo‘lga olingan, u IShID terrorchilik tashkilotiga aloqasi borligi aytilmoqda.

Shvetsiya politsiyasi Stokholmdagi terakt ijrochisi O‘zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqladi

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid