Jahon | 01:01 / 10.04.2017
54936
2 daqiqa o‘qiladi

Stokholmdagi terakt ijrochisi aybini tan oluvchi ko‘rsatmalar berdi

Expressen shved gazetasi 9 aprel kechki payt o‘z manbalariga tayanib, Stokholmdagi teraktni sodir etishda gumonlanib 7 aprelda hibsga olingan, O‘zbekistonning 39 yoshli fuqarosi Rahmat Oqilov aybini tan oluvchi ko‘rsatmalar berganini ma'lum qildi. 

"Expressen ma'lumotlariga ko‘ra, Rahmat Oqilov so‘roq paytida qilgan ishidan mamnun ekanligini aytgan. Bundan tashqari, u erishmoqchi bo‘lgan narsasiga erishganini aytgan. Expressen’ning ma'lum qilishicha, Oqilov Drottniggatan ko‘chasidagi hujumda yuk mashinasini boshqarganini tan olgan", deb yozmoqda nashr.

Nashr bergan ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagan. Shvetsiya ichki ishlar vazirligi hibsga olingan shaxsning ismini aytmayapti. Biroq Stokholmdagi matbuot-anjumanida politsiya vakili gumonlanuvchi 2014 yilda Shvetsiyada yashashga ruxsat olishni so‘raganini aytgan. 2016 yilda unga rad javobi berilgan. Fevralda Shvetsiya migratsiya xizmati Oqilov ishini uni mamlakatdan chiqarib yuborish uchun politsiyaga topshirgan va shundan keyin u qidiruvda bo‘lgan.  

Stokholm politsiyasi teraktni sodir etishda gumon qilib 2 kishini hibsga oldi. Ikkinchi gumonlanuvchi 9 aprel ertalab ushlangan. U haqida hozircha ma'lumotlar yo‘q.

7 aprel kunduzi yuk mashinasi haydovchisi Drottninggatan ko‘chasida odamlarni bosib ketgan. U 550 metr yurib o‘tib, Ahlens savdo markazi binosiga urilgan. Aniqlanishicha, mashina undan yuk tushirilayotganda o‘g‘irlab ketilgan. Hujum oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohat olgan. 

 

Mavzuga oid