O‘zbekiston | 21:11 / 12.04.2017
26470
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev profilaktika inspektorlari borasida zarur ko‘rsatmalar berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi “Katta Xirmontepa” va “Yakkatut” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

“Katta Xirmontepa” mahallasida asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan. Davlat rahbari mahalla hududi bilan tanishdi. Ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta'lim muassasalari, maktablar atrofini obodonlashtirish, yo‘laklarni ta'mirlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. 

Maktab – ta'lim-tarbiya maskani. Bu joydagi obodonlashtirish ishlariga alohida e'tibor qaratish zarur, dedi Prezident. Ta'lim muassasalari oldida doimo gul ekilgan, saronjom-sarishta bo‘lishi kerak. 

Shavkat Mirziyoyev shu yerda yashovchi aholi xonadonlarida bo‘lib, ular bilan suhbatlashdi. 

“Yakkatut” mahallasida ikkita maktabgacha ta'lim muassasasi, ikkita maktab, ikkita kollej faoliyat yuritmoqda. 

Prezident mazkur mahalla hayoti bilan tanishdi, xalq bilan muloqot qildi. 

Shu yerda davlat rahbariga Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan namunaviy mahalla markazlari loyihalari haqida axborot berildi. 

Joriy yilning mart oyida Prezident Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomidagi mahallada bo‘lib, bu yerda fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishar ekan, poytaxt, qolaversa, mamlakatning barcha hududlarida mana shunday mahalla markazlarini bunyod etish haqida ko‘rsatmalar bergan edi. 

Mahallalar o‘z zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishi uchun huquqiy asoslar bilan birga, yetarli shart-sharoitlarga ham ega bo‘lmog‘i lozim, dedi Prezident. 

Davlat rahbarining tavsiyasiga ko‘ra, profilaktika inspektori o‘zi ishlaydigan mahalla hududida yashashi lozim. Bu profilaktika inspektori mahalladagi har bir xonadon bilan yaqin muloqot o‘rnatishi, ko‘chalar va jamoat joylarini qat'iy nazoratga olishida muhim ahamiyatga ega. 

Profilaktika inspektorlarini xizmat uylari, imtiyozli kreditlar hisobiga mashinalar bilan ta'minlash, ularning yashashi va samarali ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi. 

Mahalla markazlarida choyxona, novvoyxona, "Go‘zallik salonlari", do‘konlar, sport va bolalar maydonchalari bo‘lishi odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashga ham xizmat qiladi. 

Mavzuga oid