Jahon | 22:46 / 13.04.2017
7013
2 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidenti lavozimi uchun 500 dan ko‘proq nomzod ro‘yxatga olindi

Eron ichki ishlar vazirligida 19 mayda Eronda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun 500 dan ko‘proq kishi nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda saylovlarni o‘tkazish shtabi kotibi Ali Purali ma'lum qildi.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, 11 aprelda boshlangan saylov kampaniyasining favoritlari Eron prezidenti Hasan Ruhoniy va konservatorlardan asosiy nomzod Ibrohim Raisiy hali ro‘yxatdan o‘tmadilar. Ular buni 15 aprelgacha amalga oshirishlari mumkin.

12 aprelda nomzod guvohnomasini sobiq prezident Mahmud Ahmadinajod oldi. Bu holat katta shov-shuv va ko‘plab salbiy fikrlarga sabab bo‘ldi. Bunday munosabat Eronning rahbari oyatulloh Ali Hameneiy o‘tgan yil kuzida Ahmadinajodga prezidentlik saylovlarida ishtirok etishdan tiyilishni tavsiya qilgani bilan bog‘liq. Hameneiyning fikricha, Ahmadinajodning saylovlarda ishtirok etishi "maqsad nomuvofiqdir" va Eron jamiyatini ikkita qarama-qarshi tomonga bo‘laklaydi. 

Eronning saylovlar haqidagi qonunida prezidentlikka nomzod "kelib chiqishi va fuqaroligi bo‘yicha eronlik, o‘z obro‘siga ega diniy yoki siyosiy arbob, mas'uliyatli, olihimmat, islom inqilobi tamoyillariga va rasmiy dinga amal qiluvchi, yaxshi nomga ega bo‘lishi kerakligi" belgilab qo‘yilgan. Nomzodlar orasida 13 ayol ham bor.  

Nomzodlarni ro‘yxatga olish 11 aprelda boshlandi va 5 kun davom etadi. So‘ngra oliy shia musulmonlari vakillari va islom huquqshunoslari nomzodlar orasida qat'iy tanlov o‘tkazadi. Amaliyotning ko‘rsatishicha, ular nomzodlardan aksariyat qismini rad etadi va eng munosiblarini qoldiradi. Natijada ro‘yxatda 10 nafardan ko‘p bo‘lmagan nomzod qoladi.

Mavzuga oid