Light | 16:57 / 16.04.2017
33375
3 daqiqa o‘qiladi

Har kuni dunyoning qaysidir burchagida biror yaxshilik sodir bo‘ladi

Yer yuzida har kuni turli hodisalar va tabiiy ofatlar ro‘y berishi bilan birga oddiy odamlar tomonidan ezgu amallar ham bajariladi. AdMe.ru ularning ba'zilari haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Bu shifokorning fidoyiligi butun internetda hurmatga sazovor bo‘ldi

Juda murakkab 28 soatlik navbatchilik va 5 operatsiyadan keyin xitoylik jarroh Lo Xen holdan toydi, shuning uchun ham shifoxona dahlizining o‘zidayoq uxlab qoldi. Bu suratlar tezlik bilan internetda tarqaldi, minglab odamlar shifokorning fidoyiligi va o‘z ishiga sodiqligiga tahsinlar aytishdi.

Idish yuvuvchi restoran rahbarlaridan biri etib tayinlandi

62 yoshli gambiyalik Ali Sonko 14 yil davomida Daniyadagi mashhur Noma restoranida idish yuvuvchi bo‘lib ishladi. Yaqinda esa uni muassasaning rahbarlaridan biri etib tayinlashdi. Restoran egalari Ali ularning biznesidagi ulushga loyiq ekani, chunki "restoranning yuragi va qalbi" ekanini ta'kidlashdi, restoran jamoasi esa rahbariyatning qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Ushbu futbol jamoasida bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun

Braziliyalik futbolchi Everton Luis irqiy mojaro qurboniga aylandi: o‘yin vaqtida raqib fanatlari jo‘r bo‘lib haqoratomuz so‘zlarni aytishdi va shunday so‘zlar yozilgan bannerlarni ko‘tarishdi. Futbolchi bunday bosimni ko‘tara olmadi va ko‘zida yosh bilan maydonni tark etdi. Uning jamoadoshlari bunga befarq qarab turishmadi va ana shunday og‘ir daqiqalarda uni qo‘llab-quvvatlashdi.

Noodatiy chegirmalar taqdim etuvchi restoran

Italiyadagi restoranlardan birining egasi Antonio Ferrari farzandlari xushmuomala va tarbiyali bo‘lgan oilalar uchun 5 foizlik chegirma joriy etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 foiz ota-ona restoranda o‘z farzandlarining xatti-harakatlarini nazorat qila olmaydi, shu bois u yoqimli chegirmalarni o‘ylab topgan.

Ofisiant nogiron ayolni ovqatlantirishga yordam berdi

Bu voqea AQShning Illinoys shtatidagi qahvaxonalardan birida ro‘y berdi: keksa kishi va uning nogiron ayoli tushlik qilishayotgan edi, kutilmaganda ularning yoniga ofitsiant keldi va yordam berishga kirishdi. U erkak bemalol ovqatlanib olishi uchun uning ayolini ovqatlantirishga yordam berdi.

Tesla avtomobili egasi hushsiz inson hayotini saqlab qoldi

Myunxen ostidagi yo‘lda 100 ming dollardan qimmat turuvchi Tesla avtomobili haydovchisi uyoqdan buyoqqa "gandiraklayotgan" Volkswagen Passat'ga ko‘zi tushadi. U mashina yoniga yaqinlashib, haydovchining hushsiz holatda ekanini ko‘radi. Shunda superkar egasi Volkswagen'dan o‘zib o‘z avtomobili yordamida uning yo‘lini to‘sadi va mashinani to‘xtatadi, natijada esa uning ichidagi kishining hayotini saqlab qoladi.

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid