Jahon | 12:10 / 20.04.2017
4848
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Brexit tufayli YeIga qaraganda ko‘proq narsani yo‘qotishi aytildi

Buyuk Britaniya Yevropa ittifoqini tark etish qarori tufayli, blokning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq narsani yo‘qotadi. Bu haqda YeIning xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Pekindagi Tsinxua Universitetida chiqish qilib aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi.

"Men uchun YeIning barcha a'zo-davlatlari bir xil maqomda, sababi ularning ba'zilari qator sohalarga boshqalarga qaraganda ko‘proq hissa qo‘shishi mumkin. Biroq mening fikrimcha, britaniyalik do‘stlarimiz bizga qaraganda ko‘proq narsani yo‘qotishadi", - deya ma'lum qildi Mogerini talabalarga. “Ular hamjamiyatga aloqasi bor ekanligini ko‘rsatishga majbur bo‘lishadi”, - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u. Yevropa diplomatiyasi rahbarining qayd etishicha, hattoki Buyuk Britaniya chiqib ketganidan so‘ng ham YeI “dunyodagi birinchi bozor va kattaligi jihatidan eng yirik ikkinchi jahon iqtisodiyoti” bo‘lib qolaveradi.

Buyuk Britaniyaning YeIdagi a'zoligi bo‘yicha referendum o‘tgan yilning 23 iyun kuni bo‘lib o‘tdi, unda 51,9 foizlik natija bilan yevrointegratsiyaga qarshi bo‘lganlar g‘alaba qozondi. 2017 yilning 29 mart kuni esa Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Yevropa kengashi rahbari Donald Tuskka maktub yuborib, unda YeIdan chiqish jarayoni boshlangani haqida ma'lum qilgan. O‘sha paytdan boshlab YeI to‘g‘risidagi Lissabon kelishuvining 50-moddasi kuchga kirdi hamda Buyuk Britaniyaning hamjamiyatdan chiqish bo‘yicha ikki yillik muzokaralar jarayoniga start berildi.

18 aprel kuni esa Tereza Mey Buyuk Britaniyada 8 iyun kuni muddatdan avvalgi parlament saylovlari o‘tkazilishi haqida ma'lum qildi. Uning tushuntirishicha, bunga mamlakatning YeI tarkibidan chiqishga oid bo‘lajak muzokaralar sabab bo‘lgan hamda uning qarshisida hukumat maksimal kuchli bo‘lishi kerak ekan. Britaniyalik deputatlar bosh vazir taklifini qo‘llab-quvvatlashdi.

Mavzuga oid