O‘zbekiston | 11:49 / 21.04.2017
55490
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda import mahsulotlari uchun konvertatsiya yopilgani rostmi? 

So‘nggi vaqtlarda tadbirkorlar va aholi orasida xorijiy mamlakatlardan mahsulot olib kirish uchun konvertatsiya yopilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu ma'lumotni «Kun.uz» saytining bir necha banklardagi bir-biridan mustaqil manbalari ham tasdiqladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, taqiq shu kunlarda joriy qilingan bo‘lib, bu vaqtinchalik holatdir. Manbalarning aytishicha, taqiq og‘zaki buyruq tarzida berilgan, yozma ko‘rsatma mavjud emas. 

Quyida tahririyatimizga kelgan va ayni shu masala qanday muammolarga sabab bo‘layotganiga oydinlik kirituvchi maktubni havola qilmoqchimiz:

«Assalomu alaykum, «Kun.uz» tahririyati! Sizlarga bir murojaat bilan xat yozmoqdaman. Toshkent shahrida ishlayman, o‘zim vodiydanman. Gap shundaki, nazarimda oxirgi paytlarda O‘zbekistonda dori yetishmovchiligi bo‘lyapti. Buvim qandli diabet kasalligiga chalinganlar. Qarindoshlarimizda ham shunday kasallar bor. Ularga insulin dorisini poytaxtdan yetkazib turardim. Oxirgi kunlarda insulin topish muammo bo‘lib qoldi. Dorixonalarga telefon qilib topib bo‘lmadi. Oxiri poytaxtdagi diabet dorixonalardan biriga bordim. Kirib insulin so‘radim, yo‘q deb javob berishdi. Nima muammo? Nega tugab qoldi, desam. Sotuvchi ayol «Yanvar oyidan beri bankdan pulimizni konvertatsiya qilib berishmayapti. Biz buyurtma berganmiz, lekin pulini to‘lay olmayapmiz. Konvertatsiya ochilsa ham bir oyda aptekaga yetib keladi» – deya jahl qilib javob qaytardi. Shu o‘rinda, savol paydo bo‘ladi: ungacha O‘zbekistondagi kasallar nima qiladi? Nafaqat insulin boshqa dorilar ham yetishmovchiligi mavjud ekan. Poytaxtda shu ahvol bo‘lsa boshqa viloyatlarni tasavvur qilavering. «Kun.uz», iltimos, biz shu masalada qayerga murojaat qilishni bilmaymiz. Surishtirib aniqlashtirib beringlar!».

Shu o‘rinda bir mulohaza. Xalqimizda «yangisini qurmay turib, eskisini buzma» degan naql bor. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ham shu naqlga amal qilib keldi. U OAVga bergan intervyularida, yozgan kitoblarida bu haqda ko‘p gapirgan.

Yuqoridagi holatlar esa, hukumatimiz tomonidan xalq manfaatlari bilan bir qatorda, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar barpo qilish, mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida qabul qilinayotgan ko‘plab qarorlarni noto‘g‘ri tushunish oqibati emasmikan? Axir, mamlakatimizda qandli diabet, saraton xastaliklari va boshqa qator og‘ir kasalliklar uchun yuqori sifatli dori-darmonlar xorijdan olib kirilishi hech kimga sir emas-ku? Import mahsulotlari olib kirilishini kamaytirish xususidagi cheklovlar «sallani ol desa, kallani olish» qabilida bo‘lmasligi kerak.

To‘g‘ri, bu kabi «qattiq» valyutaga olib kiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini o‘zimizda yetarli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lardi. Biroq, mavjud vaziyatda, mahalliy ishlab chiqarish ichki talabni qondira olmasligi aniq bir vaqtda, jillaqursa hayot uchun zaruriy dori-darmonlar uchun konvertatsiya masalasini tezroq ijobiy hal qilish talab etiladi. Yoki, buni ham prezident hal qilib berishi kerakmi?

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev har bir sohada mavjud holatni xalqqa ochiq-oydin tushuntirishni talab qilayotganiga qaramay, bu muammoni hal etuvchi «dovyurak» topilmayapti.

Hozircha, maqola sarlavhasida aks etgan savolni rasman tasdiqlovchi manba yo‘q. Lekin atrofdagi sharoit shuni tasdiqlamoqda. 

Mavzuga oid