Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahon emlash haftaligi 2017: Vaktsinalar har bir bolaga yordam beradi
Sog‘liqni saqlash vazirligi, YUNISEF va JSST bolalarni kasalliklarga qarshi emlashni ilgari surish kampaniyasini o‘tkazadilar
TOShKeNT, 2017 yil 24 aprel – Aprel oyining so‘nggi haftasi Jahon emlash haftalgi sifatida nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad bolalar va oilalarning hayotini saqlab qoluvchi va himoya qiluvchi vaksinalarni targ‘ib qilishdir. 2017 yil 24-30 aprel kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mamlakatda emlashni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan kampaniyani amalga oshirishda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘maklashadilar.
Emlash bolalar hayoti va kelajagini himoya ostiga olishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi. Shunga qaramasdan, dunyo bo‘yicha mavjud holat tahlil qilinganida
19,4 million chaqaloq hamma kerakli vaksinalarni qabul qilmayotganligi ma'lum bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra emlash har yili 2-3 million inson hayotini saqlab qoladi. Ayni vaqtda, agar dunyo bo‘ylab emlash qamrovi kengaytiriladigan bo‘lsa, qo‘shimcha 1,5 million inson hayotini saqlab qolish mumkin bo‘ladi.
“Harajat va foyda tahlillari olib borilganida shu narsa ma'lum bo‘ldiki, vaksinalarga sarmoya sifatida yo‘naltirilgan har bir AQSh dollari 2020 yilga kelib 16 barobar foyda keltirishi mumkin ekan va bu hisob-kitob aholi daromadi o‘rta darajada bo‘lgan mamlakatlarga ham taalluqli,”- dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman. “Hukumat, hamkor tashkilotlar va hamjamiyatlar bilan birgalikda ishlar ekan, YUNISEF emlashga bo‘lgan talabni oshirish hamda bironta bola bundan chetda qolmasligi uchun yondoshuvlarni takomillashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan,”- deb ta'kidladi u.
O‘zbekiston 2015 yilda yangi pnevmokokk vaksinasini qo‘llashni boshladi. Ushbu vaksina meningit, bekteremiya, o‘rta otit, sinusit va bronxit infeksiyalaridan himoya qiladi. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, birgina 2015 yilning o‘zida pnevmoniya tufayli 922 mingga yaqin besh yoshga to‘lmagan bolalar hayotdan ko‘z yumganlar va bu ko‘rsatkich mazkur yosh guruhidagi ja'mi o‘lim holatlarining 15 foizini tashkil etadi. Hozirgi kunda O‘zbekistondagi bolalar ushbu halokatli kasallikdan yanada yaxshi himoyalanganlar.
Shuningdek, O‘zbekiston poliomiyelit, qizamiq, bo‘g‘ma va qoqshol kabi kasalliklarni ham muvaffaqqiyatli ravishda bartaraf etgan. Bunday natijaga erishishda emlash kampaniyalarining hissasi katta bo‘ldi. 1996 yildan boshlab O‘zbekistonda yovvoyi virus orqali yuzaga kelgan poliomiyelit holatlari kuzatilmagan. 2002 yilda O‘zbekiston JSSTning poliomiyelitdan holi mamlakat sertifikatiga ega bo‘ldi.
“Muntazam ravishda emlashni yo‘lga qo‘yish sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘imi uchun tamal toshidir, demakki bu butun sog‘liqni saqlash xizmatlarining poydevoridir. Bugungi kunda, yangi vaksinalar ishlab chiqilganligi sabab, biz yanada ko‘proq bolalarni halokatli va og‘ir kechadigan kasalliklardan himoya qilish imkoniyatiga egamiz. Biroq vaksinalar mavjudligining o‘zi unga muhtoj har bir bolaga ushbu vaksinalar yetkazildi degani emas. Shuning uchun ham JSST turli davlatlar hukumatlari va o‘z hamkorlari bilan butun dunyo miqyosida vaksinalar qamrovini oshirish ustida ish olib bormoqda,” - dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakili, doktor Lian Kapens.
“2016 yilda O‘zbekiston emlash qamrovi bo‘yicha 99.7% ko‘rsatkichga erishdi. Biz ushbu yuqori qamrov ko‘rsatkichini saqlab qolish va vaksinalar xarid qilish uchun mablag‘lar ta'minoti barqaror bo‘lishini ta'minlash uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz,” - dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi Emlash bo‘yicha kengaytirilgan dastur menejyeri, doktor Dilorom Tursunova. “2014 yil iyun oyida sog‘liqni saqlash tizimi rotavirus vaksinasini qo‘llashni boshladi. Natijada, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot xulosalariga ko‘ra o‘tkir diareya bilan kasallanish ko‘rsatkichlari 30 foiz kamaydi,” – deb qo‘shimcha qildi u.
Jahon emlash haftaligidan ko‘zlangan asosiy maqsad bolalar salomatligini ta'minlash va 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish ahdlariga sodiqligimizni yana bir bor ta'kidlashdan iborat.
Qo‘shimcha ma'lumot uchun murojaat qilishingiz mumkin:
Sog‘liqni saqlash vazirligi: doktor Dilorom Tursunova,
Emlash bo‘yicha kengaytirilgan dastur menejyeri
Telefon: +99871 239 47 21
El.pochta: [email protected]
JSST: Kamola Safayeva,
Vaktsinalar orqali oldi olinuvchi kasalliklar va emlash bo‘yicha maslahatchi
Telefon: +998 71 281 51 72/73/74
El.pochta: [email protected]
YUNISEF: Nargiza Egamberdiyeva,
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi
Telefon: + 998 93 380 34 19
El.pochta: [email protected]
Mavzuga oid
18:21 / 06.04.2026
YUNISEF Eron rasmiylaridan bolalarni harbiy xizmatga yollashni to‘xtatishni talab qildi
14:01 / 19.03.2026
YUNISEF: bolalar o‘limiga qarshi kurashdagi taraqqiyot sekinlashdi
16:03 / 25.10.2025
Yevropa va Markaziy Osiyoda poliomiyelitga qarshi emlash qamrovi kamaydi - JSST xavotirda
22:56 / 23.07.2025