Jahon | 12:12 / 26.04.2017
27815
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi

KXDR uch turdagi qo‘shinlar ishtirokida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulotlarni armiyasi "tarixidagi eng yirigi" deb e'lon qildi. Bu haqda Shimoliy Koreya OAV xabar qilmoqda. 

Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) 300ta uzoq masofani nishonga oluvchi artilleriya qurollari, suvosti kemalari va aviatsiya ishtirokidagi amaliyotlar haqida xabar qilmoqda. 

"Suv osti kemalari dushman kemalariga torpedo zarbalari berish uchun tezlik bilan suv ostiga sho‘ng‘idi, qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar dengiz ustida parvoz qildi. 300dan ortiq yirik kalibrli artilleriya qurollari bir vaqtning o‘zida o‘t ochdi", — deyiladi Yonxap agentligi keltirgan iqtibosda. 

Davlat rahbari Kim Chen In mashg‘ulotlardan ko‘ngli to‘lganini yashirmadi. 

"Biz dushmanlarimizni jazolash uchun harbiy qudratimiz qanday ekanini namoyish qildik", — deya Kim Chen In so‘zlarini keltiradi NHK telekompaniyasi. 

25 aprelda KXDRda Koreya xalq armiyasi tashkil etilganligining 85 yilligi nishonlandi. Ekspertlar va siyosatchilar Pxenyan shu kuni oltinchi yadro sinovini o‘tkazishi borasida bir xil fikrni ilgari surishgan edi. Biroq, Shimoliy Koreya quruqlik, dengiz va harbiy-havo kuchlarining hamkorlikdagi mashg‘ulotlarini o‘tkazish bilan chegaralandi, deb yozadi RIA Novosti. 

Mavzuga oid