Jamiyat | 13:13 / 26.04.2017
10233
2 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: bir gramm alkogol aritmiya ehtimolini 75 foiz oshiradi

Foto: Healblog.me

Bir o‘tirishda 2 litr pivo ichish yurak urishini buzadi va yurak yetishmasligi hamda infarkt ehtimolini kuchaytiradi. 2015 yil Myunxenda bo‘lib o‘tgan «Oktoberfest» festivalida tadqiqot olib borgan olimlar shunday xulosaga kelishdi. Tadqiqot natijalari European Heart Journal jurnalida e'lon qilindi.

Olimlar festivalning 16 kuni davomida 3028 nafar kishini kuzatib, avval yurak muammosiga duch kelmagan kishilarning yurak urishidagi o‘zgarishlar ular iste'mol qilgan pivo miqdoriga bog‘liqligini o‘rganishgan. Oktoberfestga tashrif buyurgan har uchinchi kishi aritmiyadan aziyat chekkan. Aslida, bunday holat mamlakat aholisining atigi 4 foizida kuzatiladi. Festivaldagi holatlarning chorak qismidan ko‘pi sinusli taxikardiya bilan bog‘liq bo‘lgan. 

To‘plangan ma'lumotlar tahlili shuni ko‘rsatganki, alkogolning inson qon massasining bir kilogrammiga to‘g‘ri keluvchi har bir grammi aritmiya paydo bo‘lish ehtimolini 75 foizga oshiradi. Besh litr pivo ichilganida esa, 1 kg qonga 3 gramm alkogol to‘g‘ri keladi. Aritmiya, o‘z navbatida, yurakning vena tomirlariga ulangan qismida fibrillyatsiya paydo qilishi, bu keyinchalik yurak yetishmasligi va infarkt vujudga kelishiga asos bo‘ladi 

Olimlar jamoasi alkogolli ichimliklarning yurak faoliyatiga qanday ta'sir etishi borasidagi tadqiqotlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Xususan, tadqiqotchilar uzoq vaqt mobaynida tajriba ishtirokchilarini kuzatish niyatidalar. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid