Jahon | 10:45 / 29.04.2017
3601
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada namoyishchilar prezident uyi oldida tartibsizliklar uyushtirishdi

Foto: GloboNews

Braziliyada pensiyaga chiqish yoshi oshirilishi va mehnat qonunchiligining isloh qilinishiga qarshi chiqayotganlar mamlakat prezidenti Mishel Temerning San-Paolo shahridagi uyi oldida tartibsizliklar uyushtirdilar. Bu haqda Globo nashri xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar Temer uyiga kelishganda politsiya ularga bino oldidan ketishni buyurgan. Biroq namoyishchilar politsiyachilarning buyruqlarini bajarishdan bosh tortishganda politsiya ularga nisbatan ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan. Namoyishchilar bunga javoban politsiyachilarga toshlar uloqtirishni boshlashgan.

Ma'lum qilinishicha, namoyishda 70 ming kishi ishtirok etgan. Globo’ning ta'kidlashicha, norozilar yaqin atrofdagi bank, supermarket va tamaddixonani ostin-ustun qilishgan.

Bloomberg axborot agentligining ma'lum qilishicha, 26 aprelda Braziliya kongressi quyi palatasi mehnat qonunchiligini o‘zgartiradigan qonun loyihasini ma'qulladi. Endi bu loyihani senat ma'qullashi kerak. Bundan tashqari, keyingi haftada senat komissiyasida pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish yuzasidan ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi.  

Namoyishlarga qaramasdan, Braziliya prezidenti "qonunchilikni modernizatsiya qilishni davom ettirishini" aytgan. Reuters axborot agentligining ta'kidlashicha, Temer fuqarolarni pensiya olish uchun uzoqroq vaqt ishlashga majbur qiluvchi islohotlarni taklif qilmoqda. Hozirda braziliyaliklar 54 yoshdan pensiyaga chiqishlari mumkin. Temer esa erkaklar uchun pensiyaga chiqish yoshini 65 yoshgacha, ayollar uchun esa 63-64 yoshgacha oshirishni taklif qilmoqda.  
    
Temerning aytishicha, pensiya islohotlari mamlakatning moliyaviy tizimini barqarorlashtirish uchun zarur. Uning fikricha, pensiya islohotlaridan bosh tortish Ispaniya, Portugaliya va Gretsiyadagi inqirozlarga sabab bo‘lgan.

Muxolifatda esa hukumat mehnatga layoqatli aholining 12,6 foizini tashkil qiluvchi 13 mln braziliyalikni ish topolmayotgani uchun shu tariqa jazolayotgani ta'kidlanmoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid