Jamiyat | 15:23 / 30.04.2017
9599
2 daqiqa o‘qiladi

Oliver Stoun Vladimir Putin haqida film ishlamoqda

Foto: RIA "Novosti"

Amerikalik kinorejissyor Oliver Stoun "Sydney Morning Herald" gazetasiga bergan intervyusida RF prezidenti Vladimir Putin haqidagi film ustida ishlayotganini ma'lum qildi.

2016 yilda Stoun "Olov ichidagi Ukraina" filmini ishlashda ham faol qatnashgan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichdan intervyu olishga muvaffaq bo‘lgan.

"Janob Putin dunyoning eng muhim yetakchilaridan biri, AQSh uni dushman - buyuk dushman, deya e'lon qilgan ekan - u bu borada nima deyishi mumkinligini tinglashimiz juda muhim, deb hisoblayman", - dedi Stoun. Rejissyor bu shunchaki hujjatli film emas, savol-javob shaklidagi suhbat ekanini qo‘shimcha qildi. 

Manbada ta'kidlanishicha, filmda Putinning 2000 yilda RF prezidenti lavozimini egallagan vaqtidan boshlab jahonda bo‘layotgan hodisalarga nisbatan munosabati ko‘rsatiladi. Film namoyishi haqida hozircha rasman e'lon qilinmagan.

"Film biz amerikaliklar eshitmagan nuqtai nazarni ochib beradi", - deya ta'kidladi Stoun. Uning so‘zlariga ko‘ra, filmni suratga olish guruhi ikki yil ichida to‘rt marta RF prezidenti bilan uchrashgan. 

Stoun o‘tkir siyosiy mavzulardagi filmlarni suratga oluvchi rejissyor sifatida tanilgan. O‘z vaqtida prezidentlar Richard Nikson, Jon Kennedi, kenja Jorj Bushlar uning qahramonlari bo‘lgan. Bundan tashqari, uning so‘nggi filmi - 2016 yilning kuzida premerasi bo‘lib o‘tgan AQSh maxsus xizmatlarining sobiq agenti Edvard Snouden haqidagi filmi ham katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid