Poytaxtdagi barcha oilaviy poliklinikalar avtomashina bilan ta'minlandi
O‘zbekistonda aholi salomatligini mustahkamlash, jismonan sog‘lom, intellektual salohiyatli avlodni voyaga yetkazish, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu esa xalqimizning ertangi kunga ishonch bilan bugunidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.
Shu yo‘lda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholiga eng yaqin bo‘g‘in hisoblangan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatida ham qator islohotlar olib borilmoqda. Xususan, QVPlar negizida kunduzgi statsionari mavjud bo‘lgan qishloq oilaviy poliklinikalari, tez tibbiy yordam tarmog‘ining podstansiyalari va ijtimoiy dorixonalarni tashkil etilayotganligi aholi uchun yana bir qulaylik bo‘ldi.
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, bir kunda respublika bo‘yicha shoshilinch tibbiy xizmatga o‘rta hisobda 18-20 ming chaqiriq tushadi. Bu esa, birlamchi tibbiy bo‘g‘in va shoshilinch tibbiy xizmatni o‘zaro yaqinlashtirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Birlamchi tibbiy bo‘g‘inda tibbiy xizmatning tezkorligini ta'minlash va shu orqali shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatga tushayotgan yuklamalarni yengillashtirish maqsadida kuni kecha Toshkent shahridagi jami 60 ta shahar oilaviy poliklinikasiga 60 dona “DAMAS” rusumli avtomashinalar topshirildi. Endilikda bemorlarning uyiga borib, eng kerakli tibbiy muolajalarni amalga oshirish, zarur holatlarda ularni oilaviy poliklinika yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazib borish kabi vazifalar o‘z vaqtida, kechiktirilmay amalga oshiriladi. Avtomashinalar o‘z hududi bo‘ylab harakatlangani bois, yo‘llar tirbandligidan kelib chiqadigan tez yordam birigadalarining kechikishi kabi holatlar oldi ham olinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati Kun. uz’ga xabar bermoqda.
Bundan tashqari, har bir poliklinikada shoshilinch tibbiy yordam uchun ixtisoslashgan xonalar tashkil etilib, ularning uzluksiz ishlovchi telefon raqamlari xonadonlarga tarqatildi. Bu esa birlamchi yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirib, ish samaradorligini yanada oshirishga, oilaviy poliklinikalarning tunu kun faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.
E'tiborli tomoni, ushbu avtoulovlar O‘zbekiston Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra xarid qilinishi belgilangan 1200 ta tez tibbiy yordam avtomobillari hisobidan bo‘lmadi.
Poytaxt poliklinikalariga tatbiq etilgan mazkur amaliyot kelajakda boshqa hududlarda ham joriy qilinishi belgilangan. Xususan, yaqin kunlarda Samarqand shahar oilaviy poliklinikalarida ham xuddi shunday “DAMAS” rusumli avtomashinalar aholi xizmatiga topshiriladi.
Mavzuga oid
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024