ShHTga a'zo mamlakatlarning yetakchi ekspertlari bilan suhbat
2017 yil 11-12 may kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining o‘n ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida O‘zA muxbiri Nodira Manzurova ShHTga a'zo davlatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari ekspertlari bilan suhbatlashdi.
Li Sin, Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasi huzuridagi Rossiya va Markaziy Osiyo markazi direktori (Xitoy):
“Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonni birlashtirgan ShHT yaqin vaqtda Hindiston va Pokistonni ham o‘z tarkibiga olib, yanada yirik xalqaro tashkilotga aylanadi. Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo‘shilishi ShHT uchun ta'sir doirasini kengaytirish, aholi sonining ko‘payishi va iqtisodiy qudratning yuksalishini anglatadi, xalqaro munosabatlarda tashkilotning o‘rni va rolini oshirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda faol ishtirok etishiga ko‘maklashadi. ShHTning kengayishi, ayniqsa, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirishga turtki bo‘ladi. O‘zbekiston bundan buyon ham ShHT doirasida dolzarb masalalarni muhokama qilishda faol ishtirok etib, mintaqaviy va global muammolarni hal etishga munosib hissa qo‘shadi”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning 11-13 may kunlari Xitoyga ilk davlat tashrifi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi”.
Faramarz Tamanna, Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining Strategik tadqiqotlar markazi direktori:
“O‘zbekiston Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini qayta tiklashga yordam berayotgan, turli ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan muhim davlat va ishonchli sherikdir. Afg‘oniston O‘zbekiston asosiy rol o‘ynayotgan ulkan mintaqamizning bir qismi hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston xalqimizga yelkadosh bo‘ldi, Afg‘oniston muammosini hal etish, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekistondek ishonchli qo‘shnimiz borligi bilan faxrlanamiz”.
Farida Mo‘minova, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktorining o‘rinbosari:
“Tojikiston bilan O‘zbekiston yaqin qo‘shnilardir. Xalqlarimiz madaniyati va an'analari chambarchas bog‘langan. Hamkorligimizni barcha jabhalarda kompleks rivojlantirish juda muhim. Tojikiston va O‘zbekiston iqtisodiyot sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun ulkan imkoniyatlarga ega. Mamlakatlarimiz transport kommunikatsiyalari xarajatlarining pastligi ishlab chiqarish kooperatsiyasi va investitsion hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatini yaratadi. Bularning barchasi mamlakatlarimiz oldida turgan strategik vazifalarni hal etishda muhim omil bo‘ladi”.
Holid Timur Akrom, Global va strategik tadqiqotlar markazi direktori (Pokiston):
“Pokiston tadqiqot markazlari vakillari ShHT Forumi majlisida ilk bor ishtirok etgani quvonarlidir. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim davlat hisoblanadi. Mamlakatingizning ulkan iqtisodiy salohiyati, geostrategik joylashuvi va infratuzilmaning rivojlangani Pokiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda yetishtirilayotgan, mazasi va sifati bilan ajralib turadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Pokistonda ham xaridorgir. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sanoat va qurilish materiallariga ham talab katta. Ushbu mahsulotlarni Pokistonga yetkazib berish hajmini oshirish to‘g‘risida bitimlar imzolash muhim, deb bilaman”.
Mavzuga oid
19:25 / 31.10.2024
Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi yana oshirildi
07:30 / 31.10.2024
Toshkentning uch tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
09:00 / 23.10.2024