Jamiyat | 14:47 / 13.05.2017
16414
5 daqiqa o‘qiladi

Miya saratonini davolovchi virus xavfsizlik sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdi

Foto: Fotolia

Amerikalik biologlar bosh miyadagi saratoni o‘smalarini yo‘q qilish uchun herpes virusidan foydalanish borasidagi klinik sinovlarni muvaffaqiyatli yakunlashdi: tajribalarning ko‘rsatishicha, bunday davolash usuli inson uchun mutlaqo xavfsiz, deyiladi Clinical Cancer Research jurnalida nashr etilgan ilmiy maqolada.

«Biz sinovdan o‘tkazgan HSV1716 virusi, o‘z tuzilishi bilan teri saratonini davolashda foydalanish uchun allaqachon ma'qullangan T-Vec virus preparatiga juda o‘xshash. Onkolitik viruslar ulkan davolash salohiyatiga ega, bir vaqtning o‘zida faqat o‘sma hujayralariga hujum uyushtirishga mo‘ljallangani uchun minimal zaharlovchi samaraga ega bo‘lishadi», — deydi Kolambusdagi Ohayo universiteti olimi Timoti Krayp.

So‘nggi yillarda molekulyar biologlar va tibbiyotchilar saraton, allergiya, diabet va boshqa davolab bo‘lmas kasalliklarga qarshi kurashishda immunoterapiyadan alohida umid qilishmoqda. Bu usul mohiyatan juda jo‘n — olimlar turli aksiltana, tirik mikroblar va boshqa bir qator g‘ayrioddiy «xo‘rak»lar vositasida inson immunitetini saraton hujayralariga qarshi «qayrashmoqda».

Saratonga qarshi kurashning istiqbolli usullaridan biri — saraton hujayralari ichiga kirib, immun tizimining diqqatini jalb qilib, ularni zaiflashtiruvchi yoki yo‘q qiluvchi maxsus geni modifikatsiyalangan viruslardan foydalanish hisoblanadi. Bu viruslarning bir qator noyob ustunliklari bor — ularni operatsiya qilib bo‘lmaydigan o‘smalarga kiritish mumkin hamda ular sog‘lom hujayralarga tegmaydi, chunki sog‘lom hujayralar ichida bo‘lina olishmaydi.

Kreypning aytishicha, T-Vec’ning yaratilishi va uning dastlabki sinovlari ko‘rsatmoqdaki, ba'zi bir holatlarda bu viruslar sog‘lom neyronlar ichida yashirinib, charchoq, shamollash va boshqa salbiy holatlar hosil qilishi mumkin. Bularning barchasi virusoterapiyani olib tashlab bo‘lmaydigan o‘smalar — glioma va bosh miyadagi paydo bo‘lgan boshqa xatarli shishlarni davolash imkoniyatini shubha ostiga keltirib qo‘ydi.

Bu muammoni hal qilish uchun olimlar AmGen korporsiyasi (T-Vec’ni ishlab chiqqan) bilan hamkorlikda herpes virusining yangi turini yaratishdi, uning DNKsidan nafaqat sog‘lom hujayralar ichida ko‘payish imkonini beruvchi genlar hamda immun tizimi uchun virusning «ko‘rinuvchanligi»  olib tashlandi, balki neyronlar ichida uning yashovchanligini ta'minlovchi uchatkalar ham yo‘qotildi. 

HSV1716 deb nom olgan ushbu virusni Kreyp jamoasi so‘nggi bosqichdagi bosh miya, suyak to‘qimasi, mushaklar va buyrak saratoni bilan og‘rib turgan to‘qqiz nafar ko‘ngilli — 8 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan uch bola va olti yigitda sinab ko‘rishgan.

Tajribaning ko‘rsatishicha, virus saraton hujayralariga muvaffaqiyatli kira olgan va to‘qqiz holatning oltitasida o‘smadan tashqarida ko‘payish bilan bog‘liq surunkali infeksiyalar va boshqa salbiy oqibatlar keltirib chiqarmagan.

Olimlarning qayd etishlaricha, biror bir holatda o‘smalarning o‘sgani qayd etilmagan, mijozlardan birida esa saraton hujayralarining ommaviy qirilishini keltirib chiqargan, bu holat biologlarni HSV1716 bilan tajribalarni klinik sharoitlarda davom ettirishga undagan.

Hozircha virus o‘smalarni yo‘q qilishga qodir yoki qodir emasligini to‘la aniq emas, chunki tajribalar juda qisqa vaqt o‘tkazilgan va bir necha haftadan so‘ng kimyoviy terapiya qayta o‘tkazilishi uchun to‘xtatilgan. Nima bo‘lganda ham, Kreyp va uning hamkasblari herpes virusining ushbu versiyasi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani T-Vec’dan yomon bajarmaydi, boz ustiga, bosh miya va boshqa asab to‘qimalari uchun yanada xavfsiz, deb hisoblashmoqda.

Mavzuga oid